Shavkat Mirziyoyev Narendra Modini “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi

Saqlash
14:41 / 30.08.2026 350 0

Bugun, 30-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modiga O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, bu qaror Hindiston Bosh vazirining ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shayotgan beqiyos hissasi uchun O‘zbekiston xalqi va davlatining yuksak ehtiromi ifodasi ekanini aytib o‘tdi.

 

 

Shuningdek, mazkur mukofot ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishiga ishonch bildirildi.

 

“Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman”, dedi Prezident.

 

 

Ma’lumot uchun, Hindistonning so‘nggi yillardagi jadal taraqqiyoti hamda xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan nufuzi bevosita mamlakat yetakchisining samarali faoliyati bilan bog‘liq. Muvaffaqiyatli dastur va strategiyalar tufayli zamonaviy Hindiston barcha sohalarda olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

 

Xabarga ko‘ra, Hindiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatimizga qilgan ushbu tarixiy tashrifi va o‘tkazilgan sermahsul muzokaralar natijasida do‘st mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga erishildi.

 

Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi sifat bosqichiga olib chiqilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//