Iftixor va mas’uliyat ayyomi – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Mustaqillik bayrami qanday nishonlandi?

Saqlash
16:56 / 28.08.2026 285 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan  “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, olimlar, san’atkorlar, shuningdek, Markaz xodimlari ishtirok etdi.

 

Dastlab, tadbir doirasida “Yangi O‘zbekiston shukronaligi” badiiy-publitsistik asarlari taqdimoti hamda fotoko‘rgazma tashkil qilindi.

 

 

 

Bayram tadbirida bir guruh faol targ‘ibotchilar va Markaz xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni tantanali tarzda topshirildi.

 

Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda Markaz tomonidan bir qancha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Kitob va ma’rifatni jamiyat hayotiga yanada keng olib kirish maqsadida “Buyuklar haqida 100 dalil”, “Temurbek”, “Megapolisdan himolay cho‘qqisigacha”, “Yagona vatan, Yagona xalq bo‘lib, Yangi hayot va kelajak yaratamiz!”, “100 kitob haqida kitob”, “Men tanigan O‘zbekiston” hamda metodik qo‘llanma va tarqatma materiallar chop etildi.

 

“Kitobkarvoni” loyihasi doirasida 125 ming nusxa kitob maktablar, mahallalar hamda 90 ta vazirlik va idoralarga yetkazildi. Ushbu nashrlar ayrimlari xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida namoyish etildi. Toshkent metro bekatlarida “Turon kitob bekati” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida 50 ta bekatda jami 75 ta kitob javoni o‘rnatilib, ularda 7 500 dona kitob joylashtirildi.

 

Markaz tomonidan hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhit, aholining kayfiyati va islohotlarga daxldorlik darajasini o‘rganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Hozirga qadar Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi 4 443 ta mahallada o‘tkazilgan tadqiqotda 184 760 nafar respondent ishtirok etdi. Joriy yil yakuniga qadar barcha hududlar to‘liq qamrab olinadi.

 

Shuningdek, Markaz tomonidan dolzarb mavzularda media kontentlar tayyorlanmoqda. Qisqa metrajli filmlar, animatsiyalar, ijtimoiy roliklar ishlandi, teatrlashtirilgan she’riy-konsert dasturlari tashkil etildi. Davlat xizmatchilari uchun mo‘ljallangan “Siyosiy ma’rifat soati” loyihasi ham izchil davom ettirilmoqda. “Ziyolilar”, “Softil”, “Vatan_playlisti”, “O‘zlik”, “So‘z” kabi loyihalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 204 ta oliy ta’lim muassasasida “Mustaqillik soati” o‘quvlari o‘tkazildi. O‘quvlarda 9 708 nafar professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

Yangi mafkuraviy mo‘ljallarga erishishga qaratilgan 4 ta loyiha – “Maromiylik” umummilliy harakati”, “Ziyolilar ovozi”, “Milliy qadriyatlarga asoslangan davlat xizmati” hamda “Yangi O‘zbekiston – stereotiplardan holi mamlakat” loyihalari amalga oshirilmoqda.

 

Markaz xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, Turkiyaning Hatay va Anqara shaharlarida O‘zbekiston va Turkiya olimlari ishtirokida “Mushtarak sivilizatsiya ildizlari va taraqqiyot istiqbollari” mavzusida ilmiy-ma’rifiy forum tashkil etdi. Shuningdek, Germaniya va Shvetsiyaning yetakchi ilmiy markazlari bilan hamkorlikda “Xizmat va shaxsiy hayot o‘rtasidagi maromiylikni ta’minlash” loyihasi doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Xorijiy ilg‘or tajribani milliy sharoitga moslashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida Lund universiteti tadqiqotchilari bilan ilmiy tajriba va fikr almashildi.

 

“O‘zbekistonda yagona ma’naviy makon barpo etishning strategik yo‘nalishlari”, “Umummilliy taraqqiyotning ijtimoiy-ma’naviy masalalari”, “O‘zbekistonda “Maromiylik” umummilliy harakati: konsept, amaliyot va targ‘ibot texnologiyalari”, Samarqand shahrida “Mustaqillikning 35 yilligi: milliy ma’naviy taraqqiyot natijalari va ma’rifat targ‘ibotining ilmiy-metodik masalalari” mavzularida 4 ta respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

 

Shuningdek. Markaz huzuridagi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faoliyati yangi bosqichga olib chiqildi. Ayni kunda 1 880 nafar a’zo, ilmiy-tahliliy yo‘nalishda esa 25 nafardan iborat Ekspertlar kengashi faoliyat yuritmoqda.

 

 

Ulug‘ ayyom arafasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazilgan bayram tadbirida “So‘z” loyihasi ishtirokchilarining chiqishi hamda Vatanga muhabbat va sadoqatni aks erttiruvchi kuy-qo‘shiqlar yanada o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//