Olmaota—Toshkent poyezd yo‘nalishida ilk bor ayollar vagoni yo‘lga qo‘yiladi

Saqlash
11:56 / 27.08.2026 226 0

1-oktyabrdan boshlab ilk bor Olmaota—Toshkent xalqaro poyezd yo‘nalishida ayollar vagonini yo‘lga qo‘yadi. Ushbu tashabbus Qozog‘istonning “Yo‘lovchi tashish” AJ tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda “24.kz” xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Olmaota—Toshkent xalqaro yo‘nalishi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yo‘lovchi tashish xizmatini rivojlantirishda juda muhim. Uning ommabopligi va yo‘lovchilar oqimi ortib borayotganini hisobga olib, bu yo‘nalishda ayollar vagonini yo‘lga qo‘yishga qaror qilindi.

 

Hozirda poyezd har kuni qatnaydi: Olmaota vokzalidan jo‘nash — soat 19:05 da, Toshkent vokzaliga yetib kelish — soat 12:53 da (Toshkent vaqti bilan); Toshkent vokzalidan jo‘nash — soat 14:41 da (Toshkent vaqti bilan), Olmaota vokzaliga yetib kelish — soat 08:51 da.

 

Shu bilan ayollar vagoni yo‘lga qo‘yilgan yo‘nalishlar soni 14 taga yetadi. Ayollar vagonida kattalar hamrohligida yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning yurishiga ruxsat beriladi. Bu vagonlarga chiptalar faqat ayollarga sotiladi hamda ularga faqat ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi.

 

Chiptalarni temiryo‘l kassalaridan sotib olish yoki bilet.railways.kz rasmiy vebsaytida onlayn rasmiylashtirish mumkin. Chipta sotib olayotganda joy ayollar vagonida ekanini bildiruvchi “JN” belgisiga e’tibor berish lozim. Chiptalar sotuvi poyezd jo‘nashidan 45 kun oldin ochiladi, bu yo‘lovchilarga safarni oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//