Endi madaniyat markazlariga kitob sotish vakolati berilishi mumkin

Saqlash
09:57 / 27.08.2026 236 0

O‘zbekistonda madaniyat markazlariga kitob savdosi bilan shug‘ullanish vakolatini berish taklif qilinmoqda. Bu haqda “Kutubxonalar faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish va kitob savdosi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida keltirilgan.

 

Unga ko‘ra, Madaniyat vazirligi 2027-yil 25-aprelga qadar madaniyat markazlari nizomini ishlab chiqib, tasdiqlanishini ta’minlashi kerak. Unda madaniyat markazlariga kitob savdosi vakolatini berish hamda kitob savdosini yaxshi yo‘lga qo‘ygan xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish mexanizmi belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

 

Kitob savdosini hududlardagi tuman va shahar madaniyat markazlarida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Buning uchun manzilli ro‘yxat shakllantiriladi va savdo tizimi reja asosida tashkil etiladi. Kitob savdosini samarali tashkil qilgan xodimlarni rag‘batlantirish esa har olti oyda bir marta amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

 

Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish bilan birga kitob savdosi tizimini takomillashtirish hisoblanadi. Hujjatda yangi adabiyotlarni hududlarda mualliflar ishtirokida targ‘ib qilish, eng ko‘p o‘qilgan kitoblar mualliflarini qo‘shimcha moliyaviy rag‘batlantirish va kitobxonlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa choralar ham belgilangan.

 

Shuningdek, 2027-yildan boshlab har yili mart oyida “Kitob karvoni” aksiyalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ular doirasida ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarga adabiy-ma’rifiy mavzudagi kitoblarni bepul yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//