“Yangi Oʻzbekistonning eng katta natijasi, bu oʻzgargan inson, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
14:23 / 26.08.2026 393 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-avgust kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirdi.

 

Tadbirda davlat rahbari yigʻilganlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

 

“35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar oʻzining koʻlami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr boʻldi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi”, – dedi Prezident.

 

Ushbu oʻzgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va oliyjanob xalqimiz ekani taʼkidlandi.

 

 

Davlat rahbari mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-roʻz yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga taʼlim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar mehnatida namoyon boʻlishini qayd etdi.

 

Shuningdek, ilm-fan taraqqiyotiga yangi gʻoya va kashfiyotlar olib kirayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi hamda arxitektorlarning hissasiga alohida toʻxtaldi.

 

“Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonning eng katta natijasi, bu oʻzgargan inson, oʻz kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir!” – dedi mamlakat yetakchisi.

 

Fidoyi va bunyodkor vatandoshlarimiz, mustaqillikning eng katta kuchi va tayanchi boʻlgan butun xalqimizga chuqur minnatdorchilik bildirildi.

 

 

Maʼlum qilinishicha, oʻtgan davrda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirdi. Iqtisodiyotimiz 2,5 barobardan ziyod koʻpaydi. Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

 

Sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xoʻjaligi sohalarida 5 million 700 ming doimiy ish oʻrni yaratildi. Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 500 ming oʻrinli zamonaviy maktab, 342 ming oʻrinli bogʻcha va 62 ming oʻrinli shifoxonalar ishga tushirildi.

 

Odamlarning uzogʻini yaqin qilish uchun 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yoʻllar qurildi va taʼmirlandi. Hududlarda 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi kirib bordi, yana 11,5 million aholining suv taʼminoti yaxshilandi.

 

“Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha oʻzgarishlar koʻp millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda,” – dedi davlat rahbari.

 

Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, oʻz mehnatining munosib eʼtirofini koʻrish har bir inson uchun katta baxt ekani taʼkidlandi.

 

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuygʻusi bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//