Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta yangi ish oʻrni yaratish va davlat budjetiga har yili qoʻshimcha 1 trln soʻm tushum taʼminlash rejalashtirilgan.
Prezident viloyatlardagi marosim ishtirokchilariga murojaat qilib, ularni va mamlakatning barcha aholisini yaqinlashayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
Prezidentning taʼkidlashicha, soʻnggi oʻn yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2,5 baravardan ziyod oʻsgan. Bu davrda mamlakatga 160 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etilgan, umumiy qiymati 76 mlrd dollar boʻlgan 2163 ta yirik sanoat obyekti ishga tushirilgan, qariyb 6 mln kishi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlangan.
“Soʻnggi oʻn yil mamlakatimiz tarixida yangi Uygʻonish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston asta-sekin xomashyo eksportidan chuqur qayta ishlangan, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga oʻtmoqda.
“Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish oʻrinlari ham paydo boʻlmoqda”, – dedi Prezident.
Faqat 2026-yilning oʻzida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, umumiy qiymati 1,7 mlrd dollar boʻlgan 56 ta yirik sanoat va xizmat koʻrsatish obyekti ishga tushirilib, qariyb 8800 ta yuqori maoshli ish oʻrni yaratilgan.
Bundan tashqari, davlat budjetidan ajratilgan 46 trln soʻm hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bogʻcha va 81 ta shifoxona qurildi, taʼmirlandi va rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 7500 km yoʻl va 3,2 ming km suv hamda kanalizatsiya tarmoqlari barpo etilib, taʼmirlandi va rekonstruksiya qilindi.
Prezident yangi obyektlarni nafaqat investitsiyalar va eksport nuqtayi nazaridan baholash kerakligini taʼkidladi.
Yangi oʻquv yili arafasida 36 ta bogʻcha, 43 ta maktab, 7 ta oliy taʼlim muassasasi va 3 ta shifoxona foydalanishga topshirildi.
Ular orasida Yangi Toshkentdagi “Yangi Oʻzbekiston” universitetining yangi majmuasi ham bor. U 10 gektar maydonda barpo etilgan boʻlib, 7000 nafar talabani oʻqitishga moʻljallangan.

Universitet huzurida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi tashkil etilgan. Oksford universiteti bilan hamkorlikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirishga moʻljallangan taʼlim habini ochish rejalashtirilmoqda. 1-oktabrdan Sunʼiy intellekt instituti faoliyatini boshlashi kerak.
Shuningdek, maydoni 30 ming kvadrat metr boʻlgan yangi Milliy kutubxona foydalanishga topshirildi. Besh qavatli bino bir vaqtning oʻzida 1500 nafargacha kitobxonga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Unda 28 dan ortiq oʻquv xonalari va zallar, konferensiya zallari jihozlangan. Kutubxona fondida 200 mingdan ortiq kitob mavjud.
Qarshi shahrida qiymati 400 mlrd soʻm boʻlgan Iqtisodiyot va pedagogika universiteti majmuasi barpo etildi. Unda 3 ming nafar talaba tahsil olishi, 700 ta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Fargʻona viloyatidagi yangi tibbiy muassasa har yili 60 ming nafargacha bemorni qabul qilishi va 30 ming nafar ayolni skriningdan oʻtkazishi mumkin.
“Siz kiritayotgan har bir investitsiya Oʻzbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish oʻrni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar Oʻzbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marosim yakunida prezident ramziy tugmani bosish orqali obyektlarni ishga tushirdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jahon
Jamiyat
113636
Jamiyat
96443
Jamiyat
94009
Jamiyat
77969
Jamiyat
//
Izoh yo‘q