Poytaxtdagi 12 ta tumanda yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxonalar quriladi

Saqlash
17:40 / 21.08.2026 562 1

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zA axborot agentligiga bergan intervyusida poytaxtdagi 12 ta tumanning har birida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxona qurilishi, ularga allaqachon joylar belgilab qo‘yilganini ma’lum qildi.

 

Unga ko‘ra, markaziy loyiha tarixan kitob savdosining markazi bo‘lgan,  xalq orasida Moviy gumbazlar deb ataluvchi hududda amalga oshiriladi. Endi uni mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantirish reja qilingan. Qayd etilishicha, joriy yilning iyulida majmuaning tarixiy qiyofasini to‘liq tiklash e’lon qilingan bo‘lib, mazkur loyiha kitobxonlar va jamoatchilik muhokamasi bilan amalga oshiriladi.

 

Ushbu reja prezidentning 2026-yil 29-iyuldagi qarorida belgilangan bo‘lib, hujjatda Yakkasaroy tumani Sharof Rashidov shohkoʻchasida joylashgan “Moviy gumbazlar” xiyoboni hududida “Kitob koʻchasi”ni 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritish tartibida tashkil etish belgilangan. Bunda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga keltirgan holda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda ochiq maydonda turli xil tadbirlar oʻtkazish ko‘zda tutilgan. Kitob va kitobxonlik esa shahar muhitining tarkibiy qismi sifatida qaralgan.

 

“Buni insonning odatiy yo‘li orqali tushuntirsam, odam uyidan chiqadi, o‘z mahallasida kitobxonlik burchagini ko‘radi. Bunday burchaklar endilikda poytaxtdagi barcha – 585 ta mahallada bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Tuman markaziga borsa, zamonaviy kutubxonaga duch keladi”, dedi hokim.

 

Uning ta’kidlashicha, maqsad – shunchaki kitob saqlanadigan bino qurish emas, yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan va o‘zining ilmiy-ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan jamoat makonini yaratish. Hatto savdo majmuasiga kirganda ham, insonlar kitobdan uzoqlashmasligini, yangi qurilayotgan yirik savdo markazlarida maydoniga mos kitob do‘kon ochishi majburiy talab sifatida belgilangan.

 

U shuningdek, eng ilg‘or mamlakatlarda kutubxonalar shaharning eng sevimli maskanlaridan biri bo‘lishini, rivojlanishda yangi bosqichga chiqmoqchi ekanmiz, poytaxtda ham kutubxonalar eng ko‘rimli va shinam maskanlarga aylanishi shartligini ta'kidladi.

 

Infratuzilmaning oʻzi yetarli emas, albatta – ragʻbat ham kerak. Prezidentimiz boshlab bergan anʼananing davomi sifatida shahar miqyosida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovini joriy etamiz, deydi shahar hokimi.

1 Izoh

Malohat

11:08 / 22.08.2026

Juda yaxshi fikir 12 tumanda barpo qilinsa lekin kutubxonalarni jamoat ko'p joyda maktablar pensionerlarga yaqin qulay joylardan qurilsa yaxshi bo'lardi

Izoh qoldirish

//