“Oʻzbekfilm”ning 1 mlrd soʻmdan ortiq soliq qarzdorligi va 22,9 mln yevro krediti borligi maʼlum qilindi

Saqlash
11:53 / 21.08.2026 525 0

“Oʻzbekfilm”ning 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati, 1 mlrd soʻmdan ortiq soliq qarzdorligi va shuningdek, xodimlarning ish haqlari boʻyicha ham yirik qarzdorliklar shakllangani maʼlum qilindi. Bu va qator muammolar haqida Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov “Oʻzbekfilm”ni asrash — eng muhim vazifa nomli posti ostida xabar berdi.

 

Jahongir Ahmedov yuqoridagi moliyaviy muammolar hali hammasi emasligini bildirib, barchasini birma-bir sanab oʻtirishni lozim topmaganini qayd etib, hozir hal qilinishi kerak boʻlgan eng muhim masala – “Oʻzbekfilm”ni asrash va uni garovdan xalos qilish ekanini taʼkidlagan.

 

Unga koʻra, studiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari 22,9 million yevro miqdoridagi kredit uchun garovga qoʻyilgan. Soliqlardan qariyb 1 milliard soʻmdan ortiq qarzdorlik toʻplangani sababli, kinostudiya balansidagi 12 ta avtomashina 12 kun ichida auksionga qoʻyilishi xavfi ham bor.

 

Xodimlarning ish haqlari boʻyicha ham yirik qarzdorliklar shakllangan. Qayd etilishicha, kinostudiya amalda davlat buyurtmasiga qaram boʻlib qolgani tufayli bir yilda kamida 60 milliard soʻmlik buyurtma bajarmasa, oʻzini saqlab qololmaydi. Studiyada biznes modeli yoʻq va u bozor mexanizmiga toʻliq oʻtmagan.

 

Ahmedov bu raqamlar ortida bir asrlik oʻzbek kinosi tarixi, uning obroʻsi va taqdiri turganini taʼkidlagan.

 

«“Oʻzbekfilm”da ne-ne buyuk rejissyorlar, aktyorlar, operatorlar, rassomlar va kino mutaxassislari oʻz yoʻlini boshlagan. Xalqimiz bugun ham sevib tomosha qiladigan koʻplab filmlar shu yerda yaratilgan», deb yozadi Kinematografiya agentligi direktori .

 

Ahmedov bu vazifa – studiyani shunchaki saqlab qolish emas, uni tubdan isloh qilish kerakligini, moliyaviy jihatdan barqaror, zamonaviy boshqaruvga ega, kuchli ijodiy jamoalarni birlashtiradigan, xususiy investitsiya va xalqaro hamkorlikni jalb qiladigan, oʻz mahsuloti bilan bozorga chiqadigan haqiqiy milliy kino kompaniyasi barpo etish zaruratini qayd etgan.

 

“Oʻzbekfilm” – oddiy kinostudiya emas. U – oʻzbek kinosi tarixi. Va endi u oʻzbek kinosi kelajagining ham tayanchi boʻlishi kerak, deya xabarga yakun yasaladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//