Urganch–Xiva pulli yo‘lida yo‘l haqi qancha bo‘lishi ma’lum qilindi

Saqlash
17:33 / 20.08.2026 308 0

Urganch–Xiva pulli yo‘lida yengil avtomobillar uchun yo‘l haqi 25 ming so‘m etib belgilandi. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

 

Ma’lumot berilishicha, yengil avtomobil (M1) uchun Xivadan Urganchgacha va orqaga to‘liq yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi 25 ming so‘mni tashkil etadi. Uzunligi 28 km bo‘lgan qisqa yo‘nalish – “Turkmanli” mahallasidan Xivagacha bo‘lgan yo‘l mavjud. Uning narxi 20 ming so‘m.

 

Og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yengil yuk avtomobillari (N1), 8 nafardan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtobuslar (M2/M3) va og‘irligi 3,5−12 tonna bo‘lgan o‘rta yuk avtomobillari (N2) uchun to‘liq yo‘nalish narxi 40 ming so‘m, qisqa yo‘nalish esa 25 ming so‘m etib belgilangan.

 

Yo‘l haqi avtomobillarni to‘xtatmasdan elektron shaklda undiriladi. Transport oqimi va to‘lov tizimi sun’iy intellekt asosidagi raqamli yechimlar orqali boshqariladi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li – Urganchdan Xivaga olib boruvchi trassa bo‘yicha yo‘l haqi to‘lash tizimi hozirda sinov rejimida ishlamoqda va 25-avgustdan to‘liq ishga tushadi. Mobil ilova Google Play va App Store’da mavjud bo‘ladi.

 

Sayt orqali yo‘l holati, tirbandliklar, taxminiy harakatlanish vaqti hamda ob-havo sharoitlari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Saytda elektron hamyon mavjud bo‘lib, uni DEVHUB kompaniyasi ishlab chiqqan VIA uchinchi tomon xizmati orqali yoki bank kartasini ulash orqali to‘ldirish mumkin. Yo‘l haqini qo‘lda to‘lash yoki har bir qatnovdan so‘ng mablag‘ni balansdan avtomatik yechib olish funksiyasini yoqish mumkin.

 

Shuningdek, saytga davlat raqami, toifasi, ishlab chiqaruvchisi, rusumi va rangi ko‘rsatilgan holda transport vositasini qo‘shish mumkin.

 

Yo‘l belgilariga ko‘ra, pulli trassada maksimal tezlik 150 km soat (qayrilishlarda esa 130 km soat), minimal tezlik esa 40 km soat etib belgilangan.

 

Yo‘lda piyodalar, mopedlar, ot aravalar hamda tirkamali transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan. Shuningdek, qayrilib olish va to‘xtash ham taqiqlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//