Oʻzbekiston oliygohlarida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Moʻgʻuliston fuqarolariga grantlar ajratildi

Saqlash
13:16 / 19.08.2026 273 0

Oʻzbekiston davlat oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish uchun Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Moʻgʻuliston fuqarolariga jami 70 ta grant ajratildi.


Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborotida keltirilishiga, ushbu davlat fuqarolariga 2026/27-oʻquv yilida grant oʻrinlari taqsimoti quyidagicha:


Qozogʻiston – 20 ta;
Qirgʻiziston – 20 ta;
Tojikiston – 20 ta;
Moʻgʻuliston – 10 ta.
 

 

 

 

 

Xususan, qirgʻizistonlik abituriyentlar uchun bakalavriatning quyidagi yoʻnalishlari mavjud:


maktabgacha taʻlim – toʻrtta oʻrin,
kompyuter injiniringi – toʻrtta,
agronomiya – toʻrtta,
suv xoʻjaligi va melioratsiya – ikkita,
ekologiya va atrof-muhit muhofazasi – ikkita,
qurilish injiniringi – toʻrtta.


“Kabar” nashrining yozishicha, ajratilgan oʻrinlarga nomzodlar saralanishi Oʻsh davlat universiteti tomonidan oʻtkazadi. Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida taʻlim oʻzbek va rus tillarida olib boriladi. Oʻzbek tilida oʻqitish lotin grafikasiga asoslangan alifboda olib borilgani sababli nomzodlarning lotin alifbosini bilishi ham inobatga olinadi. Nomzodlar tanlangan taʻlim tilini bilishini namoyish etishi va ikkita mutaxassislik fanidan sinovdan oʻtishi lozim. Imtihon besh ballik tizimda baholanadi.



Hujjatlar 2026-yilning 22-avgustiga qadar qabul qilinadi. Kirish sinovlari 24-avgust kuni soat 08:00 da Oʻsh davlat universitetining bosh oʻquv binosida boʻlib oʻtadi. Tanlovda ishtirok etish uchun anketa, umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʻlimi toʻgʻrisidagi diplom yoki attestat nusxasi, pasport nusxasi, rus tilidagi belgilangan shakldagi tibbiy maʻlumotnoma va fotosurat taqdim etish zarur.



Qirgʻiziston yoshlariga Oʻzbekistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida taʻlim olish uchun har yili ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha grantlar ajratish 2021-yilda boshlangandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//