Maktablar uchun yangilangan Milliy oʻquv dasturi taqdim etildi

Saqlash
10:40 / 19.08.2026 391 0

Oʻzbekiston maktablari uchun qayta koʻrib chiqilgan Milliy oʻquv dasturi (MOʻD) 18-avgust kuni Toshkentda taqdim etildi. U Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi tomonidan BMT Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) koʻmagida SmartED loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. MOʻDni amalga oshirish Cambridge University Press and Assessment bilan birgalikda olib boriladi.

 

YUNISEF vakolatxonasi matbuot xizmati xabariga koʻra, barcha maktab oʻquvchilari uchun taʼlim maqsadlarini oʻzida aks ettirgan ushbu qayta koʻrib chiqilgan dastur “yuqori samarali taʼlim tizimlarining xalqaro standartlariga yanada uygʻunlashtirilgan”.

 

“Asosiy maqsad – boshlangʻich, tayanch oʻrta va oʻrta taʼlim kabi barcha bosqichlarda oʻzlashtirishni yaxshilash va xalqaro darajada tan olingan ilgʻor Advanced Level (A Level) standartlariga mos keluvchi natijalarni taʼminlay oladigan taʼlim trayektoriyalarini yaratishdir”, – deyiladi xabarda.

 

Yangilangan oʻquv dasturi 147 nafar mahalliy va 30 nafar xalqaro mutaxassis tomonidan ikki yil davomida ishlab chiqildi. Bu jarayon 260 dan ortiq ishchi uchrashuvlar va maslahatlashuvlarni oʻz ichiga oldi. Unda “ilk bor tegishli fanlar boʻyicha har bir fan jamoasini kuchli xalqaro ekspertlar tomonidan qoʻllab-quvvatlash amaliyoti joriy etildi: oʻquv dasturini toʻliq qayta koʻrib chiqishni yakunlash uchun ular ushbu davr mobaynida har hafta jamoa bilan birgalikda ishladi”.

 

Xalqaro ekspertlar avval ham oʻquv dasturlarini ishlab chiqishga jalb qilingan, biroq bu oldinlari hamkorlikdagi ishlab chiqish jarayoni boʻlmagan hamda barcha fanlar va sinflarni qamrab olmagan, deya taʼkidladi YUNISEF.

 

Qayta koʻrib chiqilgan oʻquv dasturi kompetensiyaga asoslangan yondashuvga urgʻu beradi va inklyuzivlik hamda tenglik tamoyillariga tayanadi. Universal taʼlim dizayni (Universal Design for Learning) yondashuvi oʻquv kontentining barcha oʻquvchilar, jumladan, nogironligi boʻlgan bolalar, shuningdek, iqtidorli va bilim olishga ishtiyoqi baland oʻquvchilar uchun ham tushunarli va ochiq boʻlishini taʼminlaydi. Aniq taʼlim maqsadlari va oʻquv rejasining spiralsimon dizayni oʻquvchilarga bilimlarni bosqichma-bosqich oshirib borish va koʻnikmalarni rivojlantirishga yordam beradi, deyiladi jamgʻarma xabarida.

 

“Qayta koʻrib chiqilgan oʻquv dasturi taʼlim bosqichlari (sinflari) oʻrtasidagi uzviylik va oʻtish jarayonini kuchaytiradi, turli fanlarni oʻrganishni oʻzaro bogʻlaydi hamda bilimlarni hayotda, amaliyotda qoʻllashga koʻproq eʼtibor qaratadi”, – qayd etiladi xabarda.

 

Yangi oʻquv materiallari raqamli savodxonlikni, ekologik va “yashil” taʼlimni, shuningdek, ijtimoiy va hissiy kompetensiyalarni rivojlantirishi, “oʻquvchilarga kelajakka tayyorgarlik koʻrishda yordam berishi va shu bilan birga Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlashi” lozim.

 

“Oʻquv dasturi islohoti taʼlimdagi yanada keng koʻlamli transformatsiyaning bir qismi boʻlib, u baholash tizimlari, pedagogik amaliyotlar, darsliklar va oʻquv materiallarini takomillashtirishni ham oʻz ichiga oladi. Oʻqituvchilar va maktab rahbarlari uchun yangi uslubiy qoʻllanmalar sinfda oʻquv jarayonini samarali tashkil etishga, formativ baholashga, inklyuzivlikka, gender tengligiga va har bir oʻquvchidan yuqori natijalar kutilishini taʼminlashga xizmat qiladi”, – dedi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov.

 

SmartED loyihasi Islom taraqqiyot banki, Arab muvofiqlashtirish guruhi va Taʼlim sohasidagi Global hamkorlik tashkiloti tomonidan moliyalashtirilmoqda.

 

Eslatib oʻtish joizki, Respublika taʼlim markazi Milliy oʻquv dasturini 2020-yilda qabul qilgandi. Maktablar 2025-yilga kelib unga toʻliq oʻtishi kutilgandi. Dasturni ishlab chiqishda YUNISEF va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) koʻmak koʻrsatgan. Taʼlimni takomillashtirish loyihasi doirasida, shuningdek, Cambridge University Press nashriyotining 5−11-sinflar uchun informatika va AT (axborot texnologiyalari) hamda 1−11-sinflar uchun ingliz tili darsliklari mahalliylashtirilgandi. Ularni amaliyotga joriy etish 2021-yildan boshlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//