Siyosat
Deputatlar Guliston va Shirin shaharlari hamda Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasi qarori loyihasini maʼqulladi. Bu haqda parlamentning quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Taklif etilayotgan chegara oʻzgartirishlariga muvofiq, Guliston tumanidan 527,23 gektar va Boyovut tumanidan 582 gektar yer maydonini Guliston shahri tarkibiga hamda Boyovut tumanidan 638,77 gektar yerni Shirin shahri tarkibiga oʻtkazish rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, Guliston va Shirin shaharlari viloyatdagi aholi eng zich joylashgan hududlar hisoblanadi.
“Chegaralarning kengayishi shaharda aholi zichligini kamaytirishga, transport qatnovini yaxshilashga, hududda yirik loyihalar uchun zamin yaratib, xorijiy va mahalliy investitsiyalar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi”, – deyiladi xabarda.
Majlisda chegaralarga oʻzgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yigʻinlari, xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari hamda viloyat kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizigʻining tasnifi maʼqullangani qayd etildi.
Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Faxriddin Kushakov Boyovut tumanining “Qarapchi” va “Yangi avlod” mahallalari, shuningdek, Guliston tumanining “Mevazor” va “Ishonch” mahallalari hududlarini Guliston tarkibiga, Boyovut tumanidagi “Shirin” mahallasini esa Shirin shahri tarkibiga kiritish taklif etilayotganini taʼkidladi.
“Boyovut tumanidagi ʼYangi avlodʼ va ʼQarapchiʼ mahallalari Guliston shahriga tutash hududlar, Boyovut tumani markazidan qariyb 50 kilometr uzoqlikda joylashgan hudud hisoblanadi. Shuningdek, Guliston tumanidagi bu ʼIshonchʼ hamda ʼMevazorʼ mahallalarimiz ham xuddi shunday Guliston shahri bilan tutash hududlar, tuman markazidan 30 kilometrdan olisroq hududda joylashgan hudud. Boyovut tumanidagi ʼShirinʼ mahallasi esa Shirin shahri bilan tutash hudud, Shirin shahri hududidan oʻtib, ʼShirinʼ mahallasiga boradigan hudud boʻlgani uchun asosiy masala qilib aholiga qulayliklar yaratish belgilab olingan”, – dedi Kushakov.
Uning soʻzlariga koʻra, Guliston va Shirin shaharlarida aholi zichligi yuqoriligini hisobga olganda, hududlarni kengaytirish yangi turar joy massivlari, ijtimoiy obyektlar va infratuzilmani rejali tarzda joylashtirish imkonini beradi. Shaharlarning kengayishi natijasida sanoat, xizmat koʻrsatish va turizm sohalarini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, transport va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash imkoniyatlari ham ortadi.
“Yerlardan foydalanishda ularning belgilangan maqsadi, qonunchilik talablariga rioya qilinadi. Yangi oʻtkaziladigan 1748 gektar yer maydonlaridan hech qaysi birining toifasi oʻzgarmaydi. Qishloq xoʻjaligi yerlarini asrash, ekologik muvozanatni saqlash masalasi asosiy eʼtiborga olingan, shuning uchun toifalar oʻz holicha qoldiriladi”, – dedi Kushakov.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112958
Jamiyat
95651
Jamiyat
92611
Jamiyat
76865
Jamiyat
//
Izoh yo‘q