Abituriyentlarning 37,5 foizi o‘tish balini to‘plolmadi

Saqlash
15:53 / 18.08.2026 251 0

O‘zbekiston OTMlariga 2026-yilgi kirish imtihonlarida abituriyentlarning 37,5 foizi o‘tish ballining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni to‘play olmadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov 18-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

 

Sardor Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil 677,9 ming nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 209 ming nafar yosh talaba bo‘lish uchun tavsiya etilgan. Ularning 52 800 nafari davlat granti, 156 300 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan.

 

“Joriy yilda qabul imkoniyatlari ham kengaytirildi. Bakalavriat uchun jami qabul kvotasi 201 700 ta bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 6,4 mingtaga oshdi. Ayniqsa, kunduzgi ta’lim shaklida o‘rinlar sezilarli ko‘paydi. Davlat granti o‘rinlari ham 36 mingdan oshirildi”, — deydi Sardor Rajabov.

 

Uning qayd etishicha, qabul parametrlari mehnat bozori ehtiyojlari, ustuvor ta’lim yo‘nalishlari va oliy ta’lim tashkilotlarining imkoniyatlari hisobga olingan holda shakllantirilgan. Xususan, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kabi zamonaviy yo‘nalishlarga e’tibor kuchaytirilgan.

 

Unga ko‘ra, abituriyentlarning tanlovida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti yetakchilik qilgan. Eng ko‘p tanlangan yo‘nalishlar esa davolash ishi, iqtisodiyot hamda filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) bo‘lgan.

“Yoshlarimiz bir tomondan tibbiyot, iqtisodiyot va xorijiy tillarga yuqori qiziqish bildirmoqda, ikkinchi tomondan esa zamonaviy texnologik kasblarga intilish tobora kuchaymoqda”, — deydi u.

 

Sardor Rajabov taqdim etgan tahlillarga ko‘ra, bu yil o‘tish ballari ham oshgan. Davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish balli 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil etgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan.

 

“Bu raqobat kuchayganini ko‘rsatyapti. Lekin biz uchun yuqori o‘tish balli maqsadning o‘zi emas. Asosiy vazifa — talaba bo‘lish uchun qabul qilingan yoshlarga sifatli ta’lim berish va ularni mehnat bozoriga raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlash”, — deydi u.

 

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, qabul jarayonida belgilangan imtiyozlar doirasida 20 500 nafar abituriyent talaba bo‘lish uchun tavsiya etilgan.

 

Uning ta’kidlashicha, joriy yil 56,7 balldan kam natija to‘plagan abituriyentlar soni 230 935 nafar yoki 37,54 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilda 41,9 foiz, 2024-yilda 43 foiz, 2023-yilda esa 46 foiz bo‘lgan.

 

Sardor Rajabovning aytishicha, oltinchi yo‘nalish bo‘yicha ham qo‘shimcha tanlov imkoniyatini ochish rejalashtirilmoqda.

 

“Biz keyingi haftalarda shu masalani ochishni rejalashtiryapmiz. Oltinchi yo‘nalishda qayerda vakant o‘rin qolgan bo‘lsa va u sizning fanlar majmuangizga mos bo‘lsa, shu yo‘nalishni tanlash imkoniyati ochib beriladi”, — deydi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//