“Odamlarimiz chetga chiqib ishlashiga zarurat qolmaydi” — Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
14:41 / 18.08.2026 342 0

Barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xorazmda o‘tkazilayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

 

Davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakalat pulini qaytarish avtomatlashtiriladi. Muloqotda hozirda 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega ekani ta’kidlandi.

 

Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi “tekshirsa — qo‘rqadi, qo‘rqsa — to‘laydi” degan noto‘g‘ri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.

 

Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak, dedi prezident.

Shundan kelib chiqib barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi. Davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakalat pulini qaytarish avtomatlashtiriladi.

 

Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.

 

Shuningdek, “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.

 

Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘laydi. Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.

 

Joriy yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish uchun tadbirkorlarga yuqori daromadli ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat va tashqi bozorlarni kengaytirish uchun barcha sharoitlar yaratib boriladi.

 

Toshkentda eksportga yo‘naltirilgan biznes, Andijon, Farg‘ona va Namanganda to‘liq zanjirli to‘qimachilik va mashinasozlik, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlari yangi o‘sish nuqtalari bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

 

Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosida uzun qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Qoraqalpog‘istonda “yashil” energetika, AT va sun’iy intellekt iqtisodiy drayverga aylantiriladi.

 

Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari bo‘yicha raqobatbardosh klasterlar rivojlantiriladi.

 

“Ana shunda odamlarimiz chetga chiqib ishlashiga zarurat qolmaydi, Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari yangi rivojlanish bosqichiga chiqadi. Ishonchim komil, bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//