Prezident Xivadagi Konfutsiy institutiga bordi

Saqlash
17:59 / 17.08.2026 301 0

Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tashkil etilgan Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati bilan tanishdi.

 

Xabarga ko‘ra, yangi ta’lim majmuasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti va Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida amalga oshirilgan loyiha doirasida barpo etilgan. Uni qurish va jihozlash uchun davlat budjetidan 140 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 120 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

 

Majmuada 560 o‘rinli o‘quv bloklari, kutubxona, sport zali, 200 o‘rinli madaniyat saroyi va 118 o‘rinli oshxona mavjud. Ikkinchi to‘rt qavatli binoda 628 o‘rinli auditoriyalar hamda 224 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil qilingan.

 

 

2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan. Kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini esa 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda, o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bakalavriat bosqichida “Xalqaro xitoy tili ta’limi”, “Turizm boshqaruvi”, “Xalqaro biznes”, “Sun’iy intellekt”, magistraturada esa “Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi”, “Ta’lim boshqaruvi”, “Sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari” yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.

 

Filial diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi. Iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qishni davom ettirish va nufuzli tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyati yaratiladi.

 

Shuningdek, bugungi kunda Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard 343 million dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga talab yuqori. Yangi ta’lim muassasasi va Konfutsiy instituti ana shu ehtiyojga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

 

 

Davlat rahbari ta’lim dasturlarini iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//