Jamiyat
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi taqdim qilgan ma’lumotga ko‘ra, 2016–2022-yillarda O‘zbekistonda daromadlarni qayta taqsimlashni qo‘llab-quvvatlash sezilarli darajada kamaygan. Masalan, kambag‘allarga yordam berish uchun daromadining bir qismini berish yoki qo‘shimcha soliq to‘lashga tayyor bo‘lganlar ulushi 2016-yilda 90,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda 63,5 foizgacha tushgan.
Tadqiqotda daromadi yuqori respondentlar qayta taqsimlashni kamroq qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘lgan. Ya’ni boyroq respondentlar kambag‘allarga yordam, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarining barchasida qayta taqsimlashga nisbatan pastroq xayrixohlik bildirgan.
Katta uy xo‘jaliklarida yashovchi respondentlar esa qayta taqsimlashni ko‘proq qo‘llab-quvvatlagan (ehtimol, o‘ziga ham yordam kerak bo‘lishi mumkin). Bu ijtimoiy siyosatni ishlab chiqishda oilalar tarkibi va hajmini hisobga olish muhimligini ko‘rsatadi.
Mahalliy hokimiyatlarga ko‘proq ishongan respondentlar ham ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida daromadlarni qayta taqsimlashni ko‘proq qo‘llab-quvvatlagan. Kambag‘allarga yordam berish bo‘yicha esa bunday bog‘liqlik statistik jihatdan ahamiyatli emas.
Bozor iqtisodiyotini eng yaxshi iqtisodiy tizim deb hisoblovchi hamda hayotda muvaffaqiyatga qattiq mehnat orqali erishish mumkinligiga ishongan respondentlar ham, xuddi boylar kabi qayta taqsimlashni kamroq qo‘llab-quvvatlagan.
Tadqiqotda yozilishicha, tahlil natijalari an’anaviy “yuqorilash mobilligi prospekti” gipotezasidan farqli natijani ko‘rsatadi: kelajakda ijtimoiy mobillikni kutayotgan respondentlar qayta taqsimlashni ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi.
Respondentning o‘zi yoki otasining oliy ma’lumotga ega bo‘lishi qayta taqsimlash haqidagi munosabatga statistik jihatdan ahamiyatli ta’sir ko‘rsatmagan.
Xulosaga ko‘ra, natijalar qayta taqsimlash siyosatini ishlab chiqishda uy xo‘jaliklari xususiyatlarini hisobga olish, mahalliy institutlarga ishonchni mustahkamlash, ijtimoiy mobillik imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori daromadli qatlamlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish muhimligini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, ushbu tahlil O‘zbekistonda iqtisodiy transformatsiya davrida daromadlarni qayta taqsimlashga bo‘lgan munosabat qanday o‘zgarganini va bu munosabatni shakllantiruvchi omillarni o‘rgangan.
Tahlilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “O‘tish davridagi hayot” (Life in Transition) so‘rovnomasining 2016- va 2022-yillardagi ma’lumotlaridan foydalanilib, aholining qayta taqsimlashni qo‘llab-quvvatlash darajasi taqqoslangan hamda unga ta’sir qiluvchi omillar logistika regressiyasi yordamida tahlil qilingan.
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Ilm-fan
Jahon
Jamiyat
113217
Jamiyat
95914
Jamiyat
93067
Jamiyat
77150
Jamiyat
//
Izoh yo‘q