Tojikistonda oʻzbekzabon aholi uchun oʻzbekcha maktablar quriladi

Saqlash
14:07 / 16.08.2026 167 0

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Tursunzoda shahriga amaliy tashrifi doirasida masʼullarga hududdagi oʻzbekzabon aholi uchun oʻzbek tilida taʼlim beradigan maktablar qurish va ularni ona tilidagi darsliklar bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berdi. Bu haqda Tojikistonning “Xovar” milliy axborot agentligi xabar berdi.

 

Tojikiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olishga tayyorgarlik koʻrish doirasida Tursunzoda shahrida 24 ta taʼlim muassasasini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar ulardan umumiy sigʻimi 8 185 oʻrinli 19 ta oʻquv binosi foydalanishga topshirilgan.

 

Maʼlumot uchun, Tojikistonda 13,8% oʻzbeklar istiqomat qiladi va ular mamlakatdagi eng yirik etnik ozchilikni tashkil etadi. Oʻzbekistonda esa (2022-yil holatiga koʻra) taʼlim tojik tilida olib boriladigan 250 ta maktab mavjud (shundan 55 tasida taʼlim toʻliq tojik tilida olib boriladi). Samarqand, Termiz va Fargʻona universitetlarida darslar tojik tilida oʻtiladigan guruhlar mavjud boʻlgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//