Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqotda sudlar faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdimot qilindi.
“Odil sudlov – 2030” strategiyasi aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan. Strategiyada 57 ta vazifa, uni amalga oshirish boʻyicha 2026-2028-yillarga moʻljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030-yilga qadar erishilishi lozim boʻlgan 33 ta maqsad belgilangan.
Jumladan, quyi sudlar qarorlarini qayta koʻrib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasining vakolatlari hududlararo sudlarga beriladi. Bu bir sudning oʻz qarorini oʻzi qayta koʻrib chiqishi amaliyotiga chek qoʻyadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.
Kundalik hayotiy muammolarni hal etuvchi, odamlarning ishi koʻproq tushadigan sudlar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar ekanligini inobatga olib, ularni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida 2030-yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlarining faoliyati bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi. Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida taʼminlanadi.
Sudga berilgan ariza boshqa sudga tegishli boʻlsa, u fuqaroga qaytarilmaydi, sudning oʻzi uni tegishli sudga yuboradi. Arizada juzʼiy kamchilik aniqlangan taqdirda sud uni bartaraf etishda fuqaroga faol koʻmaklashadi.
Iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson boʻlishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qoʻyadi.
Inson erki – oliy qadriyat ekanligidan kelib chiqib, tergov, surishtiruv bosqichida inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish uchun “asosli gumon” (prima facie) standarti joriy etiladi. Tergov sudyasi sanksiya berish masalasini koʻrib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi, gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshirish va zarur qoʻshimcha hujjatlarni talab qilish imkoniga ega boʻladi. Bu esa shaxsning erkinligi asossiz cheklanishining oldini oladi.
Yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq “Pretsedentlar reyestri” yuritiladi. Sudyalarni odil sudlovga daxldor boʻlmagan tashkiliy vazifalardan ozod etish uchun 2028-yildan “sud maʼmurchiligi” instituti joriy etiladi.
“Raqamli sud” konsepsiyasi barcha sudlarda toʻlaqonli ishga tushirilib, my.sud.uz portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklda berish, sud majlislarining 100 foizini audioyozuv orqali qayd etish va Oliy sud axborot tizimlari foydalanuvchilarining sonini kamida 5 baravar oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan maʼmuriy hujjatlarning ochiq reyestri yuritishni qamrab olish, “xalq vakillari hayʼati” ishtirokida koʻriladigan jinoyat turlari sonini kamida 3 taga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi namunasi ham koʻrib chiqildi. Bu fuqarolarga sud xodimlarini oson tanib olish, ularning kasbiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yanada takomillashtirish, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, sud mustaqilligini mustahkamlash hamda tizimdagi kadrlarning xorijda malakasini oshirish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi.
Prezident strategiya loyihasini maʼqullab, unda nazarda tutilgan islohotlarni roʻyobga chiqarishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112958
Jamiyat
95650
Jamiyat
92611
Jamiyat
76865
Jamiyat
//
Izoh yo‘q