Afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etdi

Saqlash
12:40 / 15.08.2026 147 0

Oʻzbek boksi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan afsonaviy oʻzbek sportchi, “Osiyo yoʻlbarsi”, “Toshkent yoʻlbarsi” deya nom olgan boksyor Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qoʻmitasi maʼlum qildi.

 

Rufat Risqiyev toʻrt marta SSSR chempioni, bir marta — 1974-yilda jahon chempioni boʻlgan.1976-yil Olimpiada oʻyinlarida kumush medal sovrindori boʻlgan. U shuningdek, AQSH, Kuba, Avstriya, Sobiq Yugoslaviya va Ispaniyada oʻtkazilgan nufuzli xalqaro turnirlarda ham gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Shu tariqa, bokschi ishtirokida oʻtkazilgan 189 jangdan 174 tasida gʻolib boʻlgan.

 

Sportchilik faoliyatidan soʻng ham Rufat Risqiyev oʻzbek boksiga xizmat qilishda davom etdi. U Markaziy Osiyodagi ilk xalqaro toifadagi professional boks hakami sifatida ham faoliyat yuritgan.

 

Rufat Risqiyev mamlakat sporti oldidagi xizmatlari uchun “Hurmat Belgisi”, “Buyuk xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.

 

2016-yilda sogʻligʻidagi jiddiy muammolar sababli Toshkent shahridagi 16-shifoxonada unga jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan edi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, janoza bugun peshin namozida Kamolon masjidida oʻqiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//