Siyosat
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hujjat bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda boshqa qator qonunlarga muhim o‘zgarishlar kiritilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ekstremistik mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish bilan bog‘liq ayrim qilmishlar to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lib kelayotgan edi. Senatda muhokama qilingan yangi qonunga muvofiq, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek, ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash va saqlash holati birinchi marta sodir etilganda endilikda ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Jinoiy javobgarlik faqat qilmish ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin takroran sodir etilgandagina yuzaga keladi. Bu yondashuv adashgan fuqarolarning haq-huquqlarini ta’minlagan holda, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va qayta ijtimoiylashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni saqlash yoki tarqatishda ishtirok etgan shaxs hokimiyat organlariga o‘z vaqtida xabar bersa va og‘ir oqibatlar kelib chiqishining oldini olishga faol ko‘maklashsa, jinoyatning boshqa tarkibi bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.
Hujjatda ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va ularda ishtirok etganlik uchun javobgarlik choralari ham qayta ko‘rib chiqilib, tabaqalashtirilmoqda.
Amaldagi qonunchilikda ushbu harakatlarning barchasiga bir xilda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi nazarda tutilgan edi. Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy xavfi uncha katta bo‘lmagan qilmish — bunday tashkilotlarda ishtirok etganlik uchun yengilroq, ularni tuzish yoki rahbarlik qilganlik uchun esa og‘irroq sanksiyalar belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Foto: Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisidan
Shuningdek, hujjat bilan “diniy ekstremizm” atamasi “ekstremizm” atamasi bilan almashtirilmoqda. Senat majlisida qayd etilishicha, mazkur yondashuv ekstremizmni muayyan din bilan bog‘lash amaliyotiga qat’iy chek qo‘yish hamda qonunchilikda yagona huquqiy yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Amaldagi qonunchilikda turlicha talqinlarga yo‘l qo‘yib kelgan “ekstremizm” tushunchasining chegaralari aniqlashtirilmoqda. Shu paytgacha umumiy va mavhum iboralar bilan ifodalangan bu tushunchaga endilikda aniq sakkizta xatti-harakat doirasi asosida qat’iy ta’rif belgilanmoqda. Bu huquqni qo‘llash amaliyotida uni kengaytirilgan holda subyektiv talqin qilishning oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yangi qonun bilan mazkur yo‘nalishdagi profilaktika va xavfsizlik mexanizmlari butunlay yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan. Xususan, hujjat doirasida quyidagi muhim yo‘nalishlar huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda:
– Davlat dasturlari va prezident nazorati: ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus davlat dasturlari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi belgilanmoqda. Ushbu dastur bevosita O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.
– Elektron reyestrlar: ekstremistik tashkilotlar va materiallarning yagona elektron reyestrini yuritish tartibi joriy etilib, shaffoflik va tezkor nazorat mexanizmlari kuchaytirilmoqda.
– Xabar berganlarni himoya qilish va rag‘batlantirish: ekstremistik faoliyat yoki tahdidlar haqida o‘z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan shaxslarning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishi qat’iy kafolatlanmoqda. Shuningdek, ularni davlat tomonidan to‘liq himoya qilish (shu jumladan, xavfsizlik choralarini qo‘llash) va moddiy-ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish mexanizmlari belgilanmoqda.
– Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash: ilgari amalda bo‘lmagan tamoyil — ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan bevosita qo‘llab-quvvatlash masalasi qonun darajasida mustahkamlandi.
Muhokamalar yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112958
Jamiyat
95650
Jamiyat
92611
Jamiyat
76865
Jamiyat
//
Izoh yo‘q