Oliy sud Denovda uyi buzilgan oila haqida munosabat bildirdi

Saqlash
13:28 / 11.08.2026 258 0

8-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Denovda fuqaroning uyi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan ogohlantirishsiz buzilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy sud matbuot xizmati holat yuzasidan bayonot berib, sud nega bunday qaror chiqarganini tushuntirdi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joy Denov tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2025-yil 29-dekabrdagi ijro hujjati asosida buzilgan.

 

Sud qaroriga ko‘ra, Denov tumani G‘alaba massivi Chuqurqishloq mahallasida joylashgan “Rahmon Taraqqiyot Omad Chorvachilik Bog‘dorchilik” korxonasiga tegishli sug‘oriladigan ekin yerining 0,20 gektar qismi o‘zboshimchalik bilan egallangan. Ushbu hududda qurilgan uy-joy va yordamchi binolarni buzish hamda yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan. Yer maydonini Abdusalom Ahmadov va Nasiba Chariyeva o‘zboshimchalik bilan egallab, unda uy-joy va yordamchi binolar qurgan.

 

Oliy sud bu holatda asosiy masala yerning sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yeri ekanida ekanini ta’kidladi. Qonunchilikka ko‘ra, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari fuqarolarning xususiy mulkiga o‘tkazilishi mumkin emas. 2024-yil 5-avgustdagi o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonunda ham bunday yerlar bo‘yicha cheklovlar belgilangan.

 

Oliy sud bayonotida sug‘oriladigan yerlar mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim ekani qayd etildi.

Shuningdek, mazkur yer rasman “Rahmon Taraqqiyot Omad” korxonasiga tegishli bo‘lgan. Shu sababli yerni noqonuniy egallash nafaqat davlat manfaatlariga, balki undan qonuniy foydalanish huquqiga ega bo‘lgan korxonaning huquqlariga ham daxldor ekani ta’kidlangan.

 

Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, javobgarlar yerni egallab, qurilish ishlarini olib borish jarayonida mas’ul organlar, kadastr, mahalla va yer tuzish xizmati tomonidan bir necha marta ogohlantirilgan.

 

Ya’ni, sud qarorida uy-joyni buzish chorasi huquqbuzarlik aniqlangan zahoti qo‘llanmagani qayd etilgan. Avval qonunbuzarlikni boshqa yo‘llar bilan bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

 

Sud faqat boshqa choralar natija bermagan, yerning sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yeri ekani va uning toifasini o‘zgartirish mumkin emasligi aniqlangan holatdagina buzish kabi qat’iy chorani qo‘llagan.

 

Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Nasiba Chariyeva sug‘oriladigan yer uchastkasini noqonuniy egallab olgani uchun jinoiy javobgarlikka ham tortilgan.

 

Sud qarori kuchga kirgan. Biroq 2026-yil 13-mart kuni taftish instansiyasi insonparvarlik nuqtayi nazaridan qaror ijrosini vaqtincha to‘xtatib turgan.

 

Oliy sud bayonotida qayd etilishicha, arizachiga qonunbuzarlik oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun qariyb ikki yilga yaqin imkoniyat berilgan.

 

Shundan so‘ng sud hujjati ijrosi davom ettirilgan. MIB ma’lumotiga ko‘ra, 7-avgust kuni noqonuniy qurilmalar buzilib, sud hujjati ijrosi to‘liq ta’minlangan.

 

Voqeadan so‘ng Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov uyi buzilgan er-xotin bilan uchrashgan. Fuqaroning uy-joy masalasi e’tibordan chetda qolmasligi va manfaatlari ta’minlanishi maqsadida unga yangi turar joy qurib berilishi ma’lum qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//