Ilm-fan
Rossiyalik olimlar agar qarilikning deyarli barcha sabablari bartaraf etilsa, inson umrining tabiiy chegarasi qancha bo‘lishini hisoblab chiqishdi. Buning uchun ular yangi matematik model yaratishdi.
Mutaxassislar birinchi “qarimaydigan inson” degan faraziy holatni tasavvur qilishdi. Bunda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1700 yildan ham oshib ketadi. Lekin bu faraz puch ekan. Gap shundaki, somatik mutatsiyalar(tug‘ilgandan keyingi hujayralar bo‘linishi va DNK nusxalanishi jarayonida to‘planib boradigan kichik genetik xatolar) sabab ehtimoliy nazariya xulosasi o‘zgarib ketdi. Yakunda odamning o‘rtacha umri 146 yildan 194 yilgacha (ba’zi hisob-kitoblarda — taxminan 156 yil) bo‘lib chiqdi. Bu hozirgi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi bo‘lgan 79 yildan taxminan ikki barobar ko‘p.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, turli a’zolar mutatsiyalarga turlicha ta’sirlanadi. Miya va yurak eng zaif organlar hisoblanadi, chunki ularning muhim hujayralari tug‘ilgandan keyin deyarli yangilanmaydi yoki bo‘linmaydi. Jigar esa, aksincha, eskirgan hujayralarni doimiy yangilab turadi.
NYU tibbiyot maktabi olimi Jordan Vaysning fikricha, odamlarni mustaqil va sog‘lom hayotdan mahrum qiladigan kasalliklar — masalan, demensiya (aqliy qobiliyatning pasayishi) va yurak yetishmovchiligi — aynan shu yangilanmaydigan organlarda ko‘proq uchraydi. Ya’ni odamning necha yil umr ko‘rishi va necha yil sog‘lom yashashi orasidagi farq butun tanadagi umumiy yemirilish emas, balki aynan shu organlarga bog‘liq.
Olimlar ta’kidlashicha, qarilikning faqat bitta belgisini yo‘q qilishning o‘zi umrni keskin uzaytirmaydi. Shu sababli, oxirgi yillarda mutaxassislar e’tiborini shunchaki “umr uzunligi”dan “sog‘lom umr davomiyligi” (kasallik va nogironliksiz o‘tadigan yillar) tushunchasiga qaratmoqda.
Hozirgacha rasman qayd etilgan eng uzoq umr — 1997-yilda 122 yoshida vafot etgan Janna Kalmanga tegishli. Bu raqam mutaxassislar taxmin qilgan eng “kamtarona”, faqat mutatsiyalarga asoslangan bashoratidan ham ancha kam. “Qarimaydigan inson” haqidagi nazariy 1700 yildan esa qiyoslab bo‘lmas darajada uzoqda.
Tadqiqot mualliflarining xulosa qilishicha, qarishga qarshi eng ma’qul davolash usullari paydo bo‘lsa ham, inson umri, ehtimol, taxminan 200 yil atrofida chegaralanib qoladi. Boisi, DNKdagi mutatsiyalar, boshqa barcha omillardan mustaqil ravishda ham, o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mutaxassislar hozirgi kunda ham eng ishonchli usul — sog‘lom turmush tarzi (chekmaslik, normal vaznni saqlash, yaxshi uxlash, saraton kasalliklarini oldindan aniqlash tekshiruvlaridan o‘tish va qon bosimi bilan xolesterinni nazorat qilish) ekanligini ta’kidlashadi. Bunday choralar odamning umrini taxminan 10 yilga uzaytirishi mumkinligi ilmiy jihatdan isbotlangan.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112958
Jamiyat
95650
Jamiyat
92611
Jamiyat
76865
Jamiyat
//
Izoh yo‘q