Madaniyat
Foto: O‘zA
Prussiya madaniy merosi maxfiy davlat arxivida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning XIX–XX asrlarga oid noyob tarixiy hujjatlari saqlanmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
Xabarga ko‘ra, Brandenburg shahzodasi Iogann Georg 1598-yilda Berlin qasrida markazlashgan “Maxfiy arxiv” tashkil etish bo‘yicha farmon beradi. Aynan ushbu sana muassasaning to‘laqonli arxiv sifatida ish boshlagan vaqti hisoblanadi.
1803-yilda Prussiya qirolligidagi ma’muriy islohotlar natijasida muassasaga rasman “Maxfiy davlat arxivi” nomi berilib, u davlatning bosh tarixiy hujjatlar markaziga aylantirilgan.
Ushbu arxiv XII asrdan boshlab qariyb 35 000 pogon metr hajmdagi (taxminan 1,5 milliondan 2 milliongacha yig‘majild yoki 300-350 million varaq) tarixiy hujjatlarni saqlaydi. Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning birinchi yarmiga oid noyob hujjatlar ham shu yerda.
(1).png)
Foto: O‘zA
Hujjatlar asosan nemis tilida bo‘lsa-da, tarkibida usmonli turkcha, rus va fors tilidagi arab alifbosidagi manbalar ham bor.
Olib borilgan izlanishlar davomida Prussiya qirolligi Tashqi ishlar vazirligining davlat kotibi, diplomat Karl Herman fon Tilening 1865-yilda Turkistonda yuz bergan siyosiy jarayonlar va diplomatik munosabatlar bilan bog‘liq muhim yozishmalari hamda rasmiy hisobotlari aniqlandi.
.png)
Foto: O‘zA
Arxivdagi yana bir qimmatli manba — 1928–1929-yillarda Markaziy Osiyoga sayohat qilgan Veymar Respublikasining maxfiy maslahatchisi, taniqli siyosatchi va iqtisodchi Georg Kleynovning shaxsiy fondidir. U ilmiy safar davomida Toshkent, Buxoro, Yettisuv va Olmaotagacha borgan.
Kleynov o‘z hisobotlarida Turksib temir yo‘li qurilishining geosiyosiy ahamiyati, chorvador aholini o‘troqlashtirish, milliy-hududiy chegaralanish hamda yer-suv islohotlarini chuqur tahlil qilib, berlinlik mutasaddilarga taqdim etgan.
.png)
Foto: O‘zA
Shuningdek, Veymar Respublikasi madaniyat vaziri, sharqshunos olim Karl Genrix Bekkerning shaxsiy fondida Turkiston tarixi uchun bebaho bo‘lgan bir qator hujjatlar, xususan, 1922-yilda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan toshkentlik talaba Vali Qayumxon taqdiriga oid arxiv xatlari saqlanmoqda. Masalan, olimning o‘g‘li doktor Valter Bekkerning 1933-yil 30-martda “Xorijliklar uchun nemis instituti” direktori doktor Georg Kartskega yo‘llagan xatida Vali Qayumxonning og‘ir moliyaviy ahvoli bayon etiladi.
.png)
Foto: O‘zA
Maktubda Vali Qayumxon marhum vazir Karl Bekkerning otalig‘ida bo‘lgani, biroq 1933-yil bahorida natsistlar hokimiyatga kelgach vaziyati keskinlashgani va mablag‘siz qolgani ta’kidlanib, unga moliyaviy yordam ajratish hamda AQSHning “Studienaufenthalt in Amerika” dasturi orqali o‘qishga yuborishda Stiven Duggan (Xalqaro ta’lim instituti asoschisi) kabi mutasaddilardan ko‘mak so‘ralgan.
Ma’lumot uchun, ushbu maxfiy arxiv fondlar soni ortib borgani sababli 1924-yilda Berlinning Dalem tumaniga ko‘chirilgan. 1963-yili esa hujjatlar kolleksiyasi Prussiya madaniy merosi jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazilib, muassasaga hozirgi nomi(Prussiya madaniy merosi maxfiy davlat arxivi) berilgan.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112958
Jamiyat
95650
Jamiyat
92611
Jamiyat
76865
Jamiyat
//
Izoh yo‘q