Ilm-fan
Italiyalik olimlar tushlarning qanday paydo bo‘lishini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, tushda miya o‘tgan kunlarni shunchaki takrorlab qo‘ymaydi. Aksincha, tush odamning boshidan kechirgan voqealarini, his-tuyg‘ularini va xarakterini aralashtirib, butunlay yangi manzaralar yaratadi.
Tadqiqot qanday o‘tkazilgan?
Italiyaning Lukka shahridagi IMT ilg‘or tadqiqotlar maktabi olimlari 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 287 kishidan yozib olingan 3700 dan ortiq tush haqidagi batafsil hikoyalarni tahlil qilishdi. Natijalar Communications Psychology jurnalida chop etildi.
Maqolada yozilishicha, ishtirokchilar kundalik yuritib, kun davomida boshlariga kelgan voqealarni yozib borishgan. Uyg‘ongandan keyin esa ko‘rgan tushlarini batafsil tasvirlab berishgan.
Ushbu ma’lumotlarni solishtirish shuni ko‘rsatdiki, miya voqelikni hech qachon aynan nusxa ko‘chirgandek takrorlamaydi.
Masalan, ish, maktab yoki kasalxona kabi kundalik hayotdagi tanish manzaralar tushlarda deyarli har doim notanish joylar va butunlay boshqa hayot davrlaridan olingan parchalar bilan aralashib ketadi, ya’ni miya real hayotdagi tajribani orzular, qo‘rquvlar va kelajakka bo‘lgan umidlar bilan birlashtirib, o‘ziga xos “sun’iy voqelik” yaratadi.
Sun’iy intellekt yordam berdi
Olimlar ishtirokchilardan to‘plangan katta hajmdagi matnni tahlil qilish uchun neyron tarmoqlarga asoslangan maxsus dastur(algoritm)dan foydalanishgan. Bu dastur ma’lumotlarni o‘rganib, tush mazmuni bilan insonning xarakter xususiyatlari orasida aniq bog‘liqlik borligini aniqlagan.
Misol uchun:
▪️ Tez-tez xayolga cho‘mib, diqqati tarqaladigan odamlarning tushlari parcha-parcha va rang-barang, tartibsiz bo‘ladi;
▪️ Tushlarga katta ahamiyat berib, ulardan yashirin ma’no izlaydigan odamlarning tushlari esa his-hayajonga boy, real hayotga o‘xshash va juda batafsil bo‘lar ekan.
Stress ham tushlarga ta’sir qiladi
Olimlar Covid-19 pandemiyasi paytida Italiyada qattiq cheklovlar (lokdaun) davrida yozib olingan tushlar haqidagi ma’lumotlarni keyingi yillardagi ma’lumotlar bilan solishtirishdi. Natija shuni ko‘rsatdiki, tushlar odamning real hayotidagi ahvoliga moslashib borgan.
Masalan, cheklov davrida odamlarning tushlarida devorlar, tor va yopiq joylar, turli chegaralar tez-tez uchragan. Vaqt o‘tib, psixika yangi sharoitga o‘rganib qolgach, bu xavotirli manzaralar tushlardan asta-sekin yo‘qolib borgan.
Bu nima uchun muhim?
Olimlarning fikricha, bu tadqiqot neyrobiologiya(miya faoliyatini o‘rganadigan fan)da yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
Olimlar endilikda katta hajmdagi ma’lumotlarni matematik usullar bilan tahlil qilish orqali boshdan kechirilgan tajribani miya qanday qayta qilib ishlashini, shuningdek, stress va o‘zgarishlarga moslashishda bu jarayon inson psixikasiga qanday yordam berishini chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
113617
Jamiyat
96420
Jamiyat
93969
Jamiyat
77945
Jamiyat
//
Izoh yo‘q