Jamiyat
Kecha, 7-avgust kuni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshida Blogerlar ijodiy kengashi ish boshlagani ma’lum qilindi.
Xabarga ko‘ra, kengash raisi etib tilshunos, jurnalist va bloger Eldor Asanov saylangan.
Ta’kidlanishicha, mazkur kengashning tashkil etilishi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining zamonaviy media makonida mas’uliyatli kontent yaratish, soha vakillarining kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ochiq va konstruktiv muloqot maydonini shakllantirishga qaratilgan izchil faoliyatining navbatdagi muhim bosqichi hisoblanadi.
Biroq Asanovning o‘zi kengash raisligidan voz kechganini bildirdi.
“Ertalabdan O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi huzurida Blogerlar kengashi tuzildi va unga Eldor Asanov rais bo‘ldi, degan xabarlar tarqaldi. Shu masalada tushuntirish berib o‘tishni lozim topdim.
Kecha, 7-avgust kuni Uyushma bir guruh blogerlarni yig‘ib, Blogerlar kengashi tuzish maqsadini e’lon qildi va unda raislikni menga taklif qildi”, deydi u.
Asanovning aytishicha, u kengash o‘rniga klub tuzishni, klub orqali jurnalistlar bilan muloqot qilib turishni, ularni qo‘llab-quvvatlashni va bunday klubga rahbar kerak emasligini aytgan. Shunga qaramay, Jurnalistlar uyushmasi vakillari, albatta, kengash kerakligini va unga bir rais kerakligini aytib, yordam berishini iltimos qilishgan. Keyin u maslahatlashib ko‘rishini bildirgan va masalani keng yoritmay turishlarini so‘ragan. Ammo yangilik tarqalgan va kutilgandek reaksiya bo‘lgan.
“Aslida davlat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlari huzurida turli (jamoatchilik, vasiylik, ekspertlik, ijodiy va h.k.) kengashlar bor. Ular har zamonda yig‘ilib, jamoatchilik fikrini tashkilot vakillariga yetkazib turadi, takliflar beradi. Kengash a’zolari odatda jamoatchilik asosida ishlaydi, ya’ni o‘rtada moddiy manfaat ham yo‘q. Bu ham shu kabi bir oddiy kengash edi.
Ertalabdan bir dunyo xeyt va ortiqcha gap eshitib oldim. Voqealar kutganimdek rivojlangani uchun kengashning kelajakdagi faoliyati ham noto‘g‘ri talqinlar girdobida qolishini taxmin qildim. Birinchi kundanoq men bergan taklifga rioya etilmagani ayniqsa ko‘nglimni xira qildi.
Shu bois uyushma rahbariyatiga telefon qilib, raislikdan voz kechganimni xabar qildim. Ko‘rsatilgan ishonch uchun minnatdorman, tashkilot faoliyatini kompetensiyam doirasida doim qo‘llab-quvvatlayman, ammo bunday tashabbuslar qanday kutib olinishini va buning oqibatini yaxshi bilganim uchun shunday qarorga keldim. Menga ortiqcha bosim kerak emas, asosiy faoliyatim bilan bog‘liq muammolarim yetarli”, degan Eldor Asanov o‘z sahifasida.
Shuningdek, u kengash faoliyati foydali va samarali bo‘lishiga umid bildirib, uyushmaga bu tashabbusda omad tilagan.
Ma’lumot uchun, shu yilning 3-iyun kuni o‘tkazilgan “Loyihalar kuni” taqdimot tadbirida blogerlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularning media savodxonligini rivojlantirish, yosh blogerlar avlodini shakllantirish hamda iqtidorli kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Blogerlar ijodiy kengashi”ni tuzish tashabbusi ilgari surilgan edi.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112958
Jamiyat
95650
Jamiyat
92611
Jamiyat
76865
Jamiyat
//
Izoh yo‘q