O‘zbek va turk tillarida nashr etilgan "Men tanigan O‘zbekiston" kitobi taqdimoti o‘tkazildi

Saqlash
14:52 / 07.08.2026 624 0

Turkiyalik taniqli adib, olim va jamoat arbobi, doktor Kemal Yavuz Atamanning "Men tanigan O‘zbekiston" kitobi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbir davomida O‘zbekistonning boy tarixi va ma’naviy merosi, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni hamda bugungi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xorijlik muallif nigohi aks etgan kitob keng jamoatchilikka taqdim etildi.

 

 

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik, mushtarak tarixiy va ma’naviy qadriyatlar, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar hamda “Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida nashr etilgan mazkur kitobning mamlakatimizni xalqaro maydonda xolis va haqqoniy tanitishdagi muhim o‘rni haqida fikr bildirdi.

 



Ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar umumiy tarix, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va o‘zaro ishonch tamoyillari asosida yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bu jarayonda davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin muloqot hamda ilmiy-ma’rifiy hamkorlik aloqalarining kengayishi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, boy tarixiy va madaniy merosni asrash hamda targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ham ushbu yo‘nalishda qator xalqaro loyihalarni izchil amalga oshirib kelmoqda.

 


“Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida nashr etilgan “Men tanigan O‘zbekiston” kitobi yurtimizni dunyoga xolis va haqqoniy tanitish, uning bugungi taraqqiyotini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim manba hisoblanadi. Mazkur asar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlash, ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Mazkur kitob Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashabbusi bilan "Ma’rifat elchilari" loyihasi doirasida o‘zbek va turk tillarida nashr etilgan.

 

Taqdimot doirasida Kemal Yavuz Ataman O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. Sirojiddin Sayyid o‘z nutqida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi adabiy hamda ma’naviy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, bunday ijodiy hamkorlik xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ushbu e’tirof ijodkorning o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari hamda ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasining ifodasi bo‘ldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//