B+ va undan yuqori darajali milliy sertifikatga ega boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilariga 15% ustama haq toʻlanadi

Saqlash
10:12 / 31.07.2026 266 0

411-sonli Hukumat qarori (29.07.2026-y.) bilan “Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilariga milliy sertifikat berish boʻyicha malaka imtihonlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

 

Qarorga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab V+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega boʻlgan, boshlangʻich sinflarda dars beruvchi boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga ega oʻqituvchilarga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan, sertifikatning amal qilish muddati davomida, tegishli taʼlim tiliga mos ravishda barcha fanlar boʻyicha lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlab boriladi.

 

Nizomga koʻra, Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi. Malaka imtihonida ishtirok etishi uchun talabgordan roʻyxatdan oʻtishda, ariza berilgan kundagi BHMning 1,5 baravari miqdorida toʻlov undiriladi. Malaka imtihoni natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanadi. Unga koʻra:

- 70 balldan yuqori ball olgan talabgorga A+ darajali;
- 65 – 69,9 ball olgan talabgorga A darajali;
- 60 – 64,9 ball olgan talabgorga B+ darajali;
- 55 – 59,9 ball olgan talabgorga B darajali;
- 50 – 54,9 ball olgan talabgorga C+ darajali;
- 46 – 49,9 ball olgan talabgorga C darajali sertifikat beriladi.

 

Talabgorning boshlangʻich sinflardagi tegishli fanlar mazmuni doirasidagi bilim darajasi, oʻqitish metodikasi va pedagogik mahorati test sinovlari orqali baholanadi.

 

Talabgor sertifikat olish maqsadida malaka imtihonida qatnashish uchun YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ariza berib, roʻyxatdan oʻtadi. Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga 1 ish kuni ichida QR-kodli sertifikatning elektron shakli YAIDXP (my.gov.uz) orqali yuboriladi.

 

Talabgor malaka imtihoni natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab 3 kun ichida YAIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli organga apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega. Shuningdek, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab huquqshunoslik fanini bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikat berish tartibi joriy etilishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//