Endi bankdagi omonatdan olingan daromad soliqqa tortilishi mumkin

Saqlash
17:53 / 30.07.2026 219 0

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan olingan daromadlarini soliqqa tortish taklif qilinmoqda. Bu haqda 30-iyul kuni Fiskal tahlillar instituti o‘tkazgan soliq siyosatiga oid muloqotda aytib o‘tildi. 

 

Unga ko‘ra, institut soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqqan. Xususan, mamlakatda mavjud passiv daromadlardan faqatgina bank omonatlaridan olingan foyda soliqqa tortilmaydi. Endi esa mazkur turdagi daromadlarni dividend solig‘i stavkasida, ya’ni 5 foizlik soliqqa tortish taklif etilmoqda.

 

Institut mutaxassislari bu borada xalqaro tajriba o‘rganilgani va hisob-kitoblar amalga oshirilganini qayd etdi. Misol keltirilishicha, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Hindistonda bank omonatlaridan olingan daromaddan 10 foizdan, Germaniyada 26,4 foiz, Indoneziyada esa 20 foiz soliq undiriladi.

 

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi banklarda jismoniy shaxslarning 170 trillion so‘m omonatlari mavjud. Institut vakillari omonatlar o‘rtacha foiz stavkasi 16 foiz bo‘lib, shuning 5 foizi soliqqa tortilsa, davlat byudjetiga 1,4 trillion so‘m qo‘shimcha daromad kelishini bildirdi.

 

Muloqotda mazkur taklif institutga tegishli ekani, Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki boshqa vakolatli organning pozitsiyasi emasligi aytildi. Institutning vazifasi takliflar ishlab chiqish va e’lon qilish ekani ta’kidlandi. Takliflar qay darajada qabul qilinib, amalga joriy etilishi vakolatli organlarga bog‘liqligi tushuntirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//