Jamiyat
Prezident O‘zbekiston xalqini 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi. Prezident matbuot xizmati tabrik matnini e’lon qildi.
Tabrikda keltirilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
“G‘oyat noyob ijtimoiy hodisa bo‘lgan bunday milliy-madaniy xilma-xillik Yangi O‘zbekistonning har bir fuqarosi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, erkin va farovon yashaydigan insonparvar davlat sifatidagi o‘rni hamda nufuzini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda”, deyiladi tabrikda.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyatining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ushbu maskanlarda o‘tkazilayotgan umummilliy bayramlar, do‘stlik kechalari, festival va uchrashuvlar mamlakatimizning madaniy qiyofasini belgilaydigan muhim ma’rifiy tadbirlarga aylanib bormoqda.
O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari yetti tilda olib borilmoqda, qardosh tillardagi maktablar davlat hisobidan darslik va adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda. Teleradiokanallar orqali 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda, 14 tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.
Shuningdek, poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” parki hududida “Bag‘rikenglik bog‘i”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda etno va sayyohlik qishloqlari tashkil etilgani mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.
“Hech qachon unutmaylik, xalqlar do‘stligi bu — muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir. Bugungi kunda barchamiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning baxti, jonajon O‘zbekistonimizning taqdiri va kelajagi uchun yagona xalq, yagona jamiyat bo‘lib harakat qilayotgan ekanmiz, yuksak maqsadlarimizga albatta yetamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarni mustahkamlab, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish maqsad qilingan. Davlat rahbari o‘z tabrigida O‘zbekiston doimo tinch va barqaror bo‘lishini, birgalikdagi fidokorona mehnat bilan yanada gullab-yashnashini tiladi.
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Madaniyat
Ilm-fan
Jamiyat
113280
Jamiyat
95998
Jamiyat
93278
Jamiyat
77263
Jamiyat
//
Izoh yo‘q