Ilk bor xorijdagi yosh vatandoshlar uchun oʻzbek tilli oromgoh ish boshladi

Saqlash
18:48 / 29.07.2026 509 0

22-iyul kuni Toshkent viloyatidagi “Yangi Oʻzbekiston” bolalar yozgi dam olish oromgohida “Bir Vatan, bir millat, bir yurak” shiori ostida xorijdagi yosh vatandoshlar uchun etnomadaniy “Anor” loyihasi doirasida ilk bor oʻzbek tili oromgohi ish boshladi.
 

“Vatandoshlar” jamoat fondi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, qator vazirlik va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan maʼrifiy loyihada Qatar, Italiya, Niderlandiya, AQSH, Gretsiya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi 14 ta davlatdan jami 250 ga yaqin vatandoshlarimizning 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan farzandlari ishtirok etmoqda.

 

 

Loyihaning asosiy maqsadi — xorijdagi yosh vatandoshlarni Oʻzbekiston bilan yaqindan tanishtirish, ularning maʼnaviy rishtalarini mustahkamlash, milliy qadriyatlar, oʻzbek tili, tarixi va madaniyatiga qiziqishini oshirish, turli davlatlarda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik muhitini shakllantirishdan iborat.

 

Dastur davomida ishtirokchilar taniqli bolalar yozuvchilari, davlat va jamoat arboblari, deputatlar, yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqotlarda, shuningdek, “Harbiy-vatanparvarlik” mavzusida harbiylar bilan uchrashuvlarda ishtirok etadi. Shu bilan birga, Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy qiyofasi, milliy armiya anʼanalari va Vatan himoyasi gʻoyasini tanishtirish maqsadida harbiylar ishtirokida koʻrgazmali chiqishlar hamda harbiy orkestrning konsert dasturi tashkil etiladi.

 

Shuningdek, bolalar uchun milliy sport oʻyinlari namoyishi, oʻzbek tili boʻyicha mahorat darslari, Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirokida “Bolalar parlamenti” modeli, diktant va debatlar, bolalar huquqlariga oid taqdimotlar, insholar tanlovi, kitobxonlik tadbirlari, milliy hunarmandchilik va oʻzbek milliy taomlaridan mahorat darslari, qadriyatlar festivali va milliy raqs kechalari, shaxmat grossmeysterlari bilan uchrashuv va musobaqalar, “Zakovat” intellektual oʻyini, daraxt ekish ekologik aksiyasi, ijodiy tanlovlar, “Bir Vatan, bir millat, bir yurak!” mavzusida fleshmoblar hamda oʻzbek tilidagi kino va multfilmlar namoyishlari oʻtkaziladi.

 

Dastur doirasida bir vaqtning oʻzida 250 nafar ishtirokchi ishtirokida “Ommaviy diktant” loyihasi ham oʻtkaziladi. Mazkur loyiha xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlarning davlat tili boʻyicha savodxonligini oshirish, ularda ona tiliga mehr va hurmat tuygʻusini mustahkamlash, shuningdek, oʻzbek tilida erkin va savodli yozish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Oromgoh dasturida oʻzbek tilini oʻrganish va targʻib qilishga bagʻishlangan yana bir qator tadbirlar ham oʻrin olgan. Jumladan, “Oʻzbekcha 24/7” chellenji, “Oʻzbekchasi bor-ku!”, “Bexato yoz”, “Sof oʻzbek tilida” aksiyalari, oʻzbek tili boʻyicha mahorat darslari hamda “Oʻz tilim — oʻzligim” mavzusida debatlar tashkil etiladi.

 

“Anor” loyihasi xorijda yashayotgan yosh vatandoshlarning Oʻzbekiston bilan maʼnaviy rishtalarini mustahkamlovchi, dunyo boʻylab yashaydigan avlodlarni yagona milliy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi keng koʻlamli maʼrifiy loyihadir.

 

Bugun xorijda yashayotgan oʻzbeklar nafaqat tarixiy-madaniy merosimizning davomchilari, balki Oʻzbekistonning dunyodagi maʼnaviy elchilari sifatida eʼtirof etilmoqda. Mazkur ezgu maqsadlar yoʻlida “Vatandoshlar” jamoat fondi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bu yil ilk bor keng qamrovli hamkorlik asosida birlashib, xorijdagi yosh vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularda milliy gʻurur va Vatanga daxldorlik tuygʻularini kuchaytirishga qaratilgan mazkur loyihani amalga oshirmoqda.

 

Taʼkidlash lozimki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi oʻzining 2025–2029-yillarga moʻljallangan saylovoldi dasturida xorijdagi vatandoshlar manfaatlarini himoya qilish, ular bilan aloqalarni mustahkamlash hamda Oʻzbekistonning milliy qadriyatlarini dunyoda keng targʻib qilishni muhim vazifalardan biri sifatida belgilagan. Shu bois mazkur hamkorlik ikki tashkilotning oddiy tashabbusi emas, balki xorijdagi yosh vatandoshlarning milliy oʻzligi, tili va maʼnaviy ildizlari bilan bogʻliqligini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu tashabbusdir.

 

Loyiha yakunida “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi rahbarlarining loyiha ishtirokchilari bilan ochiq muloqoti tashkil etiladi. Shuningdek, ular ishtirokchilar bilan birgalikda oʻzbek milliy taomi — osh tayyorlaydilar. Ushbu jarayonda taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy ham ishtirok etadi.

 

Dastur soʻnggida rahbarlar va loyiha ishtirokchilari birgalikda oromgoh hududida “Vatandoshlar bogʻi”ni barpo etadilar. Shuningdek, loyiha doirasida oʻtkazilgan 10 ga yaqin tanlovda gʻolib boʻlgan hamda faol ishtirok etgan yosh vatandoshlar munosib taqdirlanadi.

 

Loyiha 3-avgustga qadar davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//