Uy-joy subsidiyasi uchun arizalar qabuli 27-iyuldan boshlanadi

Saqlash
11:10 / 24.07.2026 224 0

Ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasi olish uchun arizalar qabuli 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

 

Qayd qilinishicha, subsidiya olish istagidagi fuqarolar belgilangan ijtimoiy mezonlar hamda kredit tarixi bo‘yicha baholanadi. Ariza ijobiy ko‘rib chiqilishi uchun nomzod ijtimoiy baholash natijalariga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi lozim.

 

Shuningdek, talabgorning kredit tarixi dasturda ishtirok etayotgan tijorat banklaridan kamida birining ichki talablariga javob berishi shart. Bu talab ipoteka kreditini rasmiylashtirish imkoniyatini baholashda asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

 

Subsidiya olish uchun ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekistonning hech bir hududida mulk huquqi asosida rasmiylashtirilgan turar joy bo‘lmasligi kerak. O‘rtacha oylik daromadi miqdori belgilangan ijtimoiy mezonlar doirasida bo‘lishi lozim.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yashovchilar uchun oilaning o‘rtacha oylik daromadi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha, ya’ni 3,431 mln so‘mdan 10,168 mln so‘mgacha bo‘lishi lozim.

 

Toshkent shahrida esa ushbu chegara yuqoriroq belgilangan. Poytaxtda ariza beruvchilar uchun o‘rtacha oylik daromad MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha, ya’ni 3,431 mln so‘mdan 11,693 mln so‘mgacha bo‘lishi talab etiladi.

 

Fuqarolar arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, myGov mobil ilovasi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirishlari mumkin. Harbiy tuzilmalar xodimlari subsidiya uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//