Davlat OTMlariga kirish test sinovlari yakunlandi

Saqlash
09:24 / 24.07.2026 180 0

Kecha, 23-iyul kuni O‘zbekistondagi davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari yakunlandi. O‘n kun davom etgan imtihonlarda 610 mingdan ortiq abituriyent ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Bilim va malakalarni baholash agentligi.

 

Qayd qilinishicha, test sinovlarining so‘nggi — o‘ninchi kunida respublika bo‘yicha 45 mingdan ortiq abituriyent imtihon topshirgan. Shu kuni test sinovlaridan chetlatilganlar qayd etilmagan.

 

Test sinovlarida qatnashishi belgilangan 664 ming 609 nafar abituriyentning 610 mingdan ortig‘i imtihonlarda ishtirok etgan. Test sinovlari davomida tartib-qoidalarni buzgan 70 nafardan ortiq abituriyent esa jarayondan chetlashtirilgan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, test sinovlarining 10-kun natijalari 24-iyul kuni e’lon qilinadi. Shundan so‘ng 25-iyuldan 8-avgustga qadar abituriyentlar qabulning 2-bosqichida ishtirok etib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli hamda ustuvorliklarini tanlashi mumkin.

 

Yakuniy mandat natijalari esa 2-bosqich tanlovi yakunlanganidan so‘ng bir hafta ichida e’lon qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//