O‘zbekistondagi ayrim muzeylarda eksponatlar yo‘qolgani aniqlandi

Saqlash
14:57 / 23.07.2026 265 0

Respublikadagi davlat muzeylarida olib borilayotgan xatlov ishlari davomida “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari hamda Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondlarida muzey ashyolari kamomadi aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

 

Xususan, “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari, jumladan, G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyida 500 ga yaqin, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa 16 dona fond hisobida mavjud bo‘lgan eksponatlarning mavjud emasligi xatlov komissiyasi tomonidan qayd etildi.

 

Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.

 

Mazkur xatlov ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 261-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuraturaning 2022-yil 16-iyuldagi 65-sonli qo‘shma yig‘ilish bayoni ijrosi doirasida respublika muzeylari fondlaridagi muzey ashyolari va kolleksiyalarining saqlanish holatini o‘rganish maqsadida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//