Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Oʻrta Chirchiq tumaniga tashrif buyurib, Toshkent – Samarqand yoʻnalishidagi yangi avtomobil yoʻli qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi.
Davlat rahbari soʻnggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti 3 karra oshgani, 2030-yilga qadar uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olinganini taʼkidladi.
Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekiston yiliga qoʻshimcha 15-20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qilsa, 400-600 million dollar daromad olinadi, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar investitsiya jalb etiladi, kamida 50 mingta barqaror ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz Toshkent – Samarqand yoʻnalishidagi yangi avtomobil yoʻli qurilishini “mamlakatimiz transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam”, deb atadi.
Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar boʻlgan olti polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta koʻprik, 28 ta yoʻl oʻtkazgich va 60 ta tunnel tipidagi oʻtish joyi quriladi.
Yoʻlga ogʻir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkoni yaratiladi, zamonaviy xavfsizlik yechimlari va raqamli qulayliklar yoʻl-transport hodisalarini keskin kamaytiradi.
Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yoʻl sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini oʻtkazadi, yuk tashish tannarxi esa 20-24 foizga pasayishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yoʻli hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga koʻtaradi. Jahon banki tahliliga koʻra, bunday loyihalarga sarflangan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga 5 barobargacha qaytadi.
Yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3 foizga koʻpayishiga turtki beradi. Yoʻl oʻtadigan aholisi 2 milliondan ziyod 13 ta tuman uchun minglab ish oʻrinlari va yangi daromad manbalari paydo boʻladi.
Yoʻl boʻyida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari barpo etiladi. Qurilishda mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanish tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.
Davlatimiz rahbari Xiva – Urganch yoʻli qurilishi boshlangani, Toshkent – Andijon yoʻli boʻyicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani, Toshkentni Boʻstonliq bilan bogʻlaydigan yoʻlni loyihalash ishlari yakuniga yetkazilayotganini qayd etdi.
“Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz besh yillik toʻyi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qoʻymoqdamiz”, dedi Prezident.
Shundan soʻng davlat rahbari kapsula qoʻyib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Ilm-fan
Jahon
Jamiyat
113217
Jamiyat
95914
Jamiyat
93066
Jamiyat
77150
Jamiyat
//
Izoh yo‘q