Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asariga bagʻishlangan maxsus kitob chop etildi

Saqlash
14:24 / 22.07.2026 219 0

Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (ICESCO) “Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ al-Musnad as-Sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental ilmiy nashrni taqdim etdi. Bu haqda Dunyo nashri xabar bermoqda.


Mazkur kitobni tayyorlashda dunyoning 16 mamlakati yetakchi olim va tadqiqotchilari ishtirok etgan.


Nashr 2026 yil 9-10 iyul kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari asosida tayyorlangan. Anjuman Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilgandi.

 

 

Hajmi qariyb 800 sahifadan iborat mazkur kitob buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ilmiy merosiga bagʻishlangan eng yirik zamonaviy tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Unda hadisshunoslik, islom ilmlari tarixi hamda hadislar ishonchliligini aniqlash metodologiyasiga oid dolzarb ilmiy maqolalar jamlangan.


Nashrda Imom Buxoriy yashab ijod qilgan tarixiy va ilmiy muhit, uning hadislarni saralash va tasniflashdagi betakror uslubi, shuningdek, “Sahihi Buxoriy” asariga bagʻishlangan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, bahs-munozaralar va tahlillar oʻrin olgan.


Mazkur fundamental nashrning eʼlon qilinishi islomshunoslik sohasidagi xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilib, Oʻzbekistonning Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha jahon miqyosidagi nufuzli markazlardan biri sifatidagi oʻrni tobora mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//