Toshkentdagi “Moviy gumbazlar” kafesi restavratsiya qilinib, tarixiy koʻrinishiga qaytariladi

Saqlash
10:24 / 22.07.2026 205 0

Toshkent shahridagi modernizm meʼmorchiligi namunasi boʻlgan “Moviy gumbazlar” kafesi ilmiy tadqiqotlar asosida hamda meʼmoriy merosni asrashning xalqaro tamoyillariga muvofiq toʻliq restavratsiya qilinib, qayta tiklanadi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

 

20-iyul kuni davlat muhofazasiga olingan ushub kafeda vakolatli organ bilan kelishilmagan holda olib borilayotgan taʼmirlash ishlari agentlik tomonidan toʻxtatilgandi. Obyekt masʼullariga qonunchilik talablari tushuntirilib, tegishli koʻrsatmalar berilgan.

 

21-iyul kuni Madaniy meros agentligi rahbarining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimov “Moviy gumbazlar” kafesi muallifi, taniqli meʼmor Vil Muratov bilan birgalikda obyektni koʻzdan kechirdi.

 

 

Keyingi yillarda olib borilgan taʼmirlash ishlari davomida obyektning mozaik bezaklari oʻzgartirilgan va bu uning dastlabki meʼmoriy-badiiy qiyofasiga taʼsir koʻrsatgan. Hozirda Vil Muratov ishtirokida uning dastlabki qiyofasini ilmiy oʻrganish va qayta tiklash ishlari boshlangan.

 

Obyektni restavratsiya qilish va uning dastlabki meʼmoriy qiyofasini tiklash loyihasini amalga oshirish uchun maxsus ishchi guruh tuziladi.

 

Uning tarkibiga modernizm meʼmorchiligi sohasidagi yetakchi xalqaro ekspertlar, shuningdek, taniqli mahalliy meʼmorlar, sanʼatshunoslar va restavratsiya mutaxassislari jalb etiladi. Loyiha ustida olib boriladigan ishlarda Yekaterina Golovatyuk, Boris Chuxovich va Fotima Abdurahmonova ham ishtirok etadi.

 

 

Xalqaro va mahalliy mutaxassislarning tajribasini birlashtirgan holda, ishchi guruh obyektning dastlabki meʼmoriy-badiiy qiyofasini restavratsiya qilish va tiklash boʻyicha ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqadi, deyiladi xabarda.

 

“Loyihaning asosiy maqsadi – “Moviy gumbazlar”ning tarixiy, meʼmoriy va badiiy qadr-qimmatini asrab qolish, uning dastlabki elementlarini qayta tiklash hamda ushbu noyob yodgorlikni kelajak avlodlarga yetkazish. Uni restavratsiya qilish ishlarining boshlanishi shunchaki alohida tarixiy binoni qayta tiklashdan iborat emas. Bu Oʻzbekistonning XX asr meʼmoriy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish, shuningdek, uni xalqaro miqyosda namoyish etish yoʻlidagi muhim qadamdir”, – deya yozadi agentlik.

 

 

1968-1970-yillarda qurilgan “Moviy gumbazlar” binosi zamonaviy Toshkent shahrining ramzlaridan biri hisoblanadi. U 2019-yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. Hujjatga koʻra, Sharof Rashidov shohkoʻchasida joylashgan “Moviy gumbazlar” kafesi davlat mulki hisoblanadi, unga nisbatan mulk huquqi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining Yakkasaroy filialiga tegishli.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//