Endi telefon raqamga SMS orqali ruxsatsiz reklama yuborish taqiqlanadi

Saqlash
09:48 / 16.07.2026 116 0

Joriy yilning 1-noyabrdan boshlab fuqarolarga ularning roziligisiz reklama SMS-xabarlari yuborish taqiqlanadi. Bu haqda Prezidentning “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilandi.

 

Qarorga ko‘ra, mobil aloqa orqali tovar, ish yoki xizmatlarni reklama qiluvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslar SMS-xabarlarni faqat abonentning yozma yoki elektron roziligi olinganidan keyingina yuborishi mumkin bo‘ladi.

 

Reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini yuborish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazganidan keyingina bunday xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin.

 

Shuningdek, reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini mobil aloqa tarmoqlari orqali soat 18:00 dan 09:00 gacha tarqatish ham taqiqlandi.

 

Bundan tashqari, mobil aloqa operatorlariga abonent talabi bilan o‘zlari yuboradigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarini to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatildi. Mazkur talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb baholanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//