Anomal issiq sabab ochiq havoda ishlovchi xodimlarning ish soatini qisqartirish tavsiya etildi

Saqlash
14:20 / 15.07.2026 143 0

Oʻzbekistonda ish beruvchilarga ochiq havoda ishlaydigan xodimlar uchun mehnat sharoitlarini qayta koʻrib chiqish hamda imkoniyat boʻlsa, kunning eng issiq soatlarida bunday ishlarni qisqartirish yoki toʻxtatib turish tavsiya qilindi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.

 

Inspeksiya qayd etishicha, yuqori havo harorati issiq urishi, organizmning suvsizlanishi hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi. Mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish ish beruvchining qonuniy majburiyati ekani taʼkidlandi.

 

Xususan, ish beruvchilarga ochiq havoda bajariladigan ishlar hajmini qisqartirish yoki ularni soat 11:00 dan 16:00 gacha vaqtincha toʻxtatib turish tavsiya etildi. Shuningdek, ushbu vaqt oraligʻida ogʻir jismoniy mehnatga yoʻl qoʻymaslik taklif qilindi.

 

Xodimlar yetarli miqdorda ichimlik suvi bilan taʼminlanishi, shuningdek, ular uchun soyali va sovitiladigan joylarda muntazam dam olish imkoni yaratilgan dam olish joylari tashkil etilishi lozim.

 

Inspeksiya, shuningdek, tibbiy koʻrikdan oʻtmagan xodimlarni ishga qoʻymaslikka chaqirdi. Ochiq havoda ishlaydiganlar uchun havo oʻtkazuvchi kiyimlar va quyoshdan himoya qiluvchi bosh kiyimlar nazarda tutilishi tavsiya etildi.

 

Ish beruvchilar xodimlarga issiq urishining belgilari va ahvol yomonlashganda qanday harakat qilishni oʻrgatishi kerak. Zarur hollarda jabrlangan shaxsga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilishi lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//