Tanqid qilinayotgan temir bekatlarni “yashil bekat”larga almashtirish taklifi berildi

Saqlash
12:12 / 14.07.2026 161 0

Toshkent shahrida jamoat transporti bekatlarini modernizatsiya qilish jarayoni hamon turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, havo harorati keskin ko‘tarilgan bir sharoitda poytaxtda yangi qurilayotgan aksariyat bekatlarda soya va salqinlik yetarli emasligi fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ekologik partiyasi ushbu e’tirozlarga o‘z takliflari bilan chiqdi.

 

Partiya BRT tizimini yanada rivojlantirish bilan bir qatorda, uning bekatlarini ham zamonaviy, ekologik va iqlim sharoitiga mos talablar asosida takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

 

“Dunyo tajribasida avtobus bekatlarini ko‘kalamzorlashtirish, ularning tom qismiga o‘simliklar ekish, quyosh panellari o‘rnatish, energiya tejamkor LED yoritish tizimlaridan foydalanish, soya va tabiiy havo aylanishini ta’minlaydigan konstruksiyalarni joriy etish amaliyoti keng qo‘llanilmoqda.

 

 

Partiyamiz Toshkent shahrida “Yashil bekat” loyihasini pilot tartibida yo‘lga qo‘yishni taklif etadi”, deyiladi partiya murojaatida. Keltirilishicha, dastlab 10–20 ta bekatda quyidagi yechimlarni sinovdan o‘tkazish maqsadga muvofiq:

 

– quyosh nuridan to‘liq himoya qiluvchi keng va issiqlikni qaytaruvchi tom konstruksiyasi;

– quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimi;

– issiq va quruq iqlimga chidamli, kam suv talab qiladigan mahalliy o‘simliklar;

– tabiiy havo aylanishini ta’minlaydigan ochiq va xavfsiz konstruksiyalar;

– imkoniyatdan kelib chiqib, velosiped turar joylari va yomg‘ir suvini yig‘ish tizimi.

 

Qayd etilishicha, ushbu tajribani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish emas, balki uni Toshkentning jazirama va quruq iqlimiga moslashtirish muhimdir. “Yashil bekatlar” nafaqat yo‘lovchilarga soya va qulaylik yaratadi, balki shahar havosidagi changni kamaytirish, kichik yashil hududlarni ko‘paytirish, energiyani tejash va poytaxtning ekologik qiyofasini yaxshilashga ham xizmat qiladi.

 

“Shu munosabat bilan mutasaddi tashkilotlarni yangi qurilayotgan va foydalanishga topshirilgan bekatlarning qulayligi, soyalanish darajasi va iqlimga mosligini qayta ko‘rib chiqishga, fuqarolar fikrini o‘rganishga hamda ilg‘or ekologik yechimlarni joriy etishga chaqiramiz”, deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//