Insoniyat tarixida tibbiyot qanday paydo bo‘lgan?

Saqlash
17:01 / 13.07.2026 538 0

Tibbiyot tarixi — bu insoniyatning kasalliklarga qarshi kurashi, o‘z tanasini va atrofdagi dunyoni anglashga urinishining uzoq yo‘lidir.

 

Eng qadimgi davrlarda tibbiyot aniq fanga emas, balki kuzatuv va ishonchga asoslangan. Masalan, kasallik — yovuz ruhlar yoki xudolarning jazosi, deb tushunilgan. Davolash esa giyohlar hamda shaman marosimlarining aralashmasidan iborat bo‘lgan.

 

1-bosqich. Ibtidoiy davr

Odamlar g‘orlarda yashagan, ov qilgan paytlarda ham jarohat, sinish, zaharlanish kabi muammolar bo‘lgan. Xo‘sh, ular nima qilishgan?

 

Tajriba va xatodan o‘rganishgan. Agar biror barg og‘riqni qoldirsa — uni eslab qolishgan. Agar ahvolni yomonlashtirsa — undan qochishgan. Dorivor o‘simliklar haqidagi dastlabki bilim shunday to‘plangan.

 

Sehr-joduga murojaat qilishgan. Kasallikning sababini tushunmagan odam buni yovuz kuchlar ishidir, deb o‘ylagan. Shamanlar raqs tushib, afsun o‘qib, “kasallikni haydashga” harakat qilishgan.

 

Oddiy yordam ko‘rsatishgan. Jarohatlarni barg va teri bilan bog‘lashgan, singan suyakka shox parchalaridan “shina” qo‘yishgan. Yaxshi bitgan suyaklar topilishi — o‘sha davrda ham odamlar bir-biriga yordam berganini ko‘rsatadi.

 

Shuningdek, bosh chanog‘ini teshish (trepanatsiya) ham shu davrning g‘aroyib amaliyoti. Bu bosh og‘rig‘i yoki “yovuz ruhni chiqarish” uchun qo‘llanilgan.

 

2-bosqich. Qadimgi sivilizatsiyalar

Yozuv paydo bo‘lishi bilan bilimlar yozilib borilgan.

 

Qadimgi Misr. Shifokorlar ko‘pincha kohinlar bo‘lgan. Ular bog‘lovlarni mohirona bajarishni, giyoh, asal va minerallardan dori tayyorlashni bilishgan. Misol uchun, Mashhur Ebers papirusini olaylik. U yuzlab retsept va kasalliklar tavsifini saqlab qolgan. Fir’avn Joserning vaziri Imxotep esa tarixdagi birinchi shifokor hisoblanadi. U o‘limidan keyin xudo darajasiga ko‘tarilgan.

 

Mesopotamiya. Bu yerda ilk tibbiyot qonunlar paydo bo‘ldi. Hammurapi qonunlarida shifokor muvaffaqiyatli operatsiya uchun haq olishi, xatosi uchun esa jazolanishi aniq belgilab qo‘yilgan.

 

Qadimgi Hindiston. Bu yerda uzoq va sog‘lom hayot haqidagi ta’limot shakllandi. Hind shifokorlari hatto plastik jarrohlikni ham bilishgan.

 

Qadimgi Xitoy. Mazkur mamlakatda In-yan muvozanati haqida tushuncha tug‘ildi. Igna bilan davolash(akupunktura) va nuqtali massaj rivojlandi, tomir urishi orqali tashxis qo‘yish o‘rganildi.

 

3-bosqich. Antik Gretsiya va Rim

Mana shu davrda haqiqiy burilish sodir bo‘ldi: tibbiyot dindan ajralib, fanga aylana boshladi.

 

Gippokrat (“tibbiyot otasi” deyiladi) kasallik xudolar emas, tabiiy sabablar tufayli paydo bo‘lishini isbotladi. U bemorni sinchiklab kuzatgan, simptomlarni yozib borgan va “kasallikni emas, bemorning o‘zini davolash kerak” degan g‘oyani ilgari surgan. Gippokrat qasami esa hozirgacha shifokorlik axloqining ramzi sanaladi.

 

Rimliklar bo‘lsa greklardan ko‘p narsani o‘rganib, jamoat sog‘lig‘iga katta e’tibor berishdi. Akveduklar, kanalizatsiya, hammomlar qurishdi, harbiy gospitallar ochishdi.

 

4-bosqich. O‘rta asrlar

Arab dunyosida grek va rim olimlarining asarlari tarjima qilindi, boyitildi. Tibbiyot gullab-yashnadi. Ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” asarini yaratdi. Ushbu kitob asosida shifokorlar uzoq yillar davomida ta’lim olishdi.

 

Yevropada esa ibodatxonalar bilim markaziga aylandi. Rohiblar kitoblarni qo‘lda ko‘chirib, kasalxonalarda bemorlarga qarashgan. Keyinchalik mintaqadagi davlatlarda tibbiyot fakultetiga ega birinchi universitetlar paydo bo‘ldi.

 

5-bosqich. Renessans davri

Odamlar inson tanasining tuzilishini bilish uchun murdalarni yorib o‘rgana boshlashdi(oldin taqiqlangan).

 

Andreas Vezaliy aniq anatomiya darsligini yozdi, Galenning eski xatolarini fosh qildi.

 

Uilyam Garvey bo‘lsa qonning tana bo‘ylab qanday aylanishini kashf etib, yurak qonni yopiq tizim orqali haydashini isbotladi.

 

Mikroskop ixtiro qilindi. Odamlar ilk bor ko‘plab kasalliklarning asl sababi bo‘lmish mikroblarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

 

6-bosqich. XIX–XXI asrlar — zamonaviy tibbiyot

Mikroblar ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘lishi isbotlandi. Vaksinalar va antiseptiklar paydo bo‘ldi. Antibiotiklar kashf etildi.

 

Texnologiyalar rivojlandi: rentgen, UZI, MRT, laparoskopiya kabilar yaratildi. Genetikaga asos solindi.

 

Shunday qilib, tibbiyot tarixi — insonning zukkoligi, matonati va qiziquvchanligining isbotidir, deyish mumkin. Oddiy o‘simlikdan dori tayyorlash va shamanlik marosimlaridan tortib, zamonaviy texnologiyalargacha bo‘lgan yo‘l — kuzatish, tajriba va yangilikning uzluksiz jarayoni edi. Endilikda genetika, biotexnologiya va sun’iy intellekt kelajakda tibbiyotni yanada o‘zgartirishi kutilmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//