“Jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan taklif va mulohazalar, albatta, inobatga olinadi” – O‘zR FA

Saqlash
15:44 / 13.07.2026 407 0

Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yopilayotgani haqida xabar tarqalgan edi. Mazkur xabarga munosabat sifatida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rasmiy izoh ham bergan edi. Biroq hali ham mazkur muzeyga oid fikr-mulohazalar davom etmoqda.

 

Fanlar akademiyasi navbatdagi munosabatida muzey faoliyati va madaniy meros davlat muhofazasida ekanini bildirdi.

 

“Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi mamlakatimizdagi nufuzli ilmiy-ma’rifiy muassasalardan biri bo‘lib, o‘zbek adabiyoti tarixi va milliy madaniy merosni o‘rganish, asrash hamda keng targ‘ib etish yo‘lida ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Muzey fondida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, eksponatlar va boshqa madaniy boyliklar amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat muhofazasiga olingan”, deyiladi munosabatda.

 

Ta’kidlanishicha, ushbu masala yuzasidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalar akademiya tomonidan atroflicha o‘rganilmoqda.

 

Jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan taklif va mulohazalar esa muzey faoliyatini yanada takomillashtirish, tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy xizmatlar sifatini oshirish jarayonida, albatta, inobatga olinadi.

 

“Shu bilan birga, muzey faoliyati, uning moddiy-texnik bazasi va kelgusi rivojlanishiga oid barcha qarorlar amaldagi qonunchilik talablari, vakolatli davlat organlarining qarorlari, soha mutaxassislari hamda ilmiy ekspertlarning xulosalari asosida qabul qilinishini ma’lum qilamiz”, deyiladi FA xabarida.

 

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi o‘z faoliyatini belgilangan vazifalar doirasida izchil davom ettirmoqda. Ekspozitsiyalar, noyob qo‘lyozmalar va boshqa madaniy boyliklarni belgilangan talablar asosida saqlash hamda muhofaza qilish bo‘yicha esa tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Fanlar akademiyasi milliy madaniy asrash va rivojlantirishga befarq bo‘lmagan, muzey faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini bildirayotganlarga samimiy minnatdorchilik izhor qildi.

 

Eslatma uchun, oldinroq Oyina.uz muzeyning millat merosi sahnasidan “uchib” ketishiga befarq bo‘lmagan faollarning fikrlarini jamlagan edi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//