Kavkaz musulmonlari idorasi raisi “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi

Saqlash
15:11 / 10.07.2026 173 0

Prezident farmoniga binoan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Gummat o‘g‘li Poshozodani O‘zbekiston Respublikasining “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.

 

Farmonga ko‘ra, Poshozodaga mazkur mukofot Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan tub islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, musulmon dunyosi mutafakkirlari va ulamolarining jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish, muqaddas islom dinining tinchlik, insonparvarlik, ilm-ma’rifatga intilish g‘oyalarini turli millatlar va elatlar orasida keng targ‘ib qilish yo‘lidagi samarali va ibratli faoliyati, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, xususan, o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasida do‘stlik va qardoshlik, ma’naviy hamkorlikni mustahkamlash, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari uchun berilgan.

 

Ma’lumot uchun, oldinroq “Renessans” kino uyida Kavkaz musulmonlari idorasi raisining “Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi” kitobining taqdimot marosimi o‘tkazilgan edi. 

 

Kitob 2026-yilda Bokuda chop etilgan bo‘lib, o'zbek tiliga tarjimasida O'zbekistonning Ozarboyjondagi elchixonasi jamoasi ishtirok etgan.

 

Shayxulislom Ollohshukur Gummat o‘g‘li Poshozoda 2019-yilda yurtimizning “Do'stlik” ordeni bilan ham taqdirlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//