“Haqiqat qarshisida tazarru” – “Tafakkur” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
17:08 / 09.07.2026 412 0

“Ispancha uyat” tushunchasi ham juda teran. Inson o‘zgalar qilmishidan-da uyala bilsa – uning qalbi hali tirik. Ammo bugun ba’zan nohaqlikni ko‘rib indamaymiz, hatto unga sherikdek, uni ma’qullagan kabi chapak chalamiz. Bu faqat axloqiy og‘ish emas, vijdonning sekin-asta halokatga yuz tutmog‘i emasmi?! Ba’zan o‘ylayman: biz axborot ko‘paygan zamonda yashayapmiz, bu bir tarafdan yaxshi, ammo ma’naviy hushyorlik susayib ketmayaptimi? Odamlar haqiqatdan ko‘ra shovqinni xush qabul qilmayaptimi? Qiymatlar emas, qiyqiriqlar qadrlanib qolmayaptimi? G‘aflat – bilmaslikdan tug‘iladi, ammo bugunning xatari – bilib turib befarq bo‘lmoqdir. Zamonaviy uyatsizlikning eng qo‘rqinchli jihati – uning odatga aylanayotganida. Agar yolg‘on ommalashsa, maddohlik iste’dod sanalsa, haqiqat kulgi bo‘lib ko‘rinsa... bu – ma’naviy iqlimning qahratoni bo‘lmay nima, axir?!” “Quyoshni kaft bilan to‘smoq” suhbatida globallashuv muhitida qadriyat, mintalitet, milliylikning o‘lchamlarida kechayotgan manzaralar haqida gap boradi. Shoira Farida Afro‘z bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2026-yil 2-sonida o‘qing.

 

“Nazarimizda, partiyalarning mafkuraviy asoslari va dasturiy g‘oyalari umumiy va bir-biriga o‘xshash tarzda ifodalangan bo‘lib, ular orasidagi prinsipial farqni ilg‘ash qiyin. Partiyaviy platformalarda ilgari surilayotgan g‘oyalar xalqchillikdan yiroq. Ularning tashqi siyosat bo‘yicha pozitsiyasi ham aniq emas. Umuman olganda, jamoatchilik va partiyalar doirasida mafkuraviy diskurs sust bo‘lgani bois partiyalar o‘z faoliyatiga asos qilib olgan g‘oyalarga jiddiy ishlov berilmagan. Masalan, liberal-demokratiya g‘oyasi bugungi kunda jahon siyosati hamda ilmiy doiralarda turlicha talqin qilinmoqda, xususan, liberalizm tanazzuli haqida bahslar avj olgan.” Yuqorida keltirilgan parcha Sanjar Saidovning “Raqobatsiz taraqqiyot bo‘lmas” maqolasidan olingan. Uning to‘liq matni bilan jurnal sahifalarida tanishasiz.

 

“Bolalarda o‘z ona tili – o‘zbek tilini bilish darajasi tushib ketyapti. Chunki birinchi sinfga qatnaydigan, maktabdan so‘ng uyini topib kelishi ham qiyin bo‘lgan jujuq bir emas, uchta tilni o‘rganishga majbur. Aslida, u hali ona tilida bir amallab gapiradi, u yog‘ini so‘rasangiz. Bunaqa “aqliy shturm”ning nafidan ko‘ra ziyoni ko‘proq bo‘lmasmikan? Yana, rus va ingliz tili darslari uchun bu soatlar asosan o‘zbek tili hisobidan olib beriladi. Ya’ni bolaning ona tilini bilish darajasi o‘smay qoladi. Biz til bilish deganda test savollariga javob berib, ball to‘plashni emas, biron voqeani chiroyli bayon etib qog‘ozga tushira olish, madaniyatli odam bo‘lib gapirish kabi birlamchi talablarni ko‘zda tutyapmiz.” Jurnalning “Aql munozarasi” ruknida Zuhriddin Isomiddinovning “Bulbul ochgan kakku bolasi” maqolasini o‘qiysiz. Unda maktablarda o‘qitilayotgan xorijiy lisonlar va o‘zbek tilini boy berish xavfi haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Buzilgan nizom, yo‘qolgan ishonch” (Fazliddin Ravshanov), “Yurakdagi chaqinlar” (Eshqobil Shukur), “O‘zbekcha rangtasvir yo‘li” (Gulgora Rahmon), “Haqiqat qarshisida tazarru” (Ahmadjon Meliboyev) maqolalari, “Mardud. Tasalli” (Viktor Alimasov) essesi, “Til kechirsa ham dil kechirmas” (Nazira Boymurodova), “Kuni irimga qolgan ilm” (Bernard Shou. Rus tilidan Shohsanam Ro‘zimat qizi tarjimasi) hikmatlari hamda “Mutolaa – vijdon tavbasi” (Oydinniso) mutolaasi o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Insoniy, vijdoniy vazifa” (Gulnoza Nurtoyeva), “Bordan – sarvat, yo‘qdan – mehnat” (Shoazim Shozamonov, Gavharshodbegim Xolmatova), “Shayboniylar: siyosat va adabiyot” (Rustam Jabborov), “Ikki oy nishonlangan bayram” (Shavkat Bobojonov) maqolalari e’lon qilingan.

 

“O‘tkan kunlar”da muallif uyatsizlikni shunchaki ayb emas, ma’naviy halokat sifatida talqin qiladi. Inson ba’zan og‘ir haqoratni kechirar, ammo “uyatsiz” degan so‘z ko‘nglini umrbod og‘ritishi mumkin. Demak, bu kalimada xalqning axloqiy mezonlari mujassam. Bugun esa afsuski, biz xavfli bir chegaraga kelib qolgandekmiz. Ilgari odamlar gunohdan uyalardi, bugun esa ma’siyatini ko‘z-ko‘z qilishdan tortinmaydi ham. Ilgari nomaqbul ishlar pichirlab gapirilardi, bugun esa qarsaklar bilan kutib olinadi. Bu hol... odamni qo‘rqitadi. Zero, yomonlikning oddiy holga aylanishi – ulkan ijtimoiy fojia!” “Quyoshni kaft bilan to‘smoq” suhbatidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Tafakkur” bilan xavfli chegaralarda ogoh turing.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//