O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkin

Saqlash
09:33 / 09.07.2026 163 0

Endi xaridorlarga beriladigan 1 foizlik soliq keshbeki mexanizmini o‘zgartirish taklif qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tahlilida aytib o‘tildi.

 

Ma’lumot berilishicha, soliq keshbeki tizimi fuqarolarni xarid cheklariga talabni oshirishga jalb qilish va savdo aylanmalarining shaffofligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan. Institut ekspertlariga ko‘ra, dastlabki bosqichda ushbu mexanizm iste’molchilarda fiskal chek olish odatini shakllantirishda samarali vosita bo‘lgan. Biroq bunday amaliyot odatiy holga aylangach, ommaviy pulli rag‘batlantirishga bo‘lgan ehtiyoj bosqichma-bosqich kamayadi.

 

Qayd etilishicha, 2022-yilda soliq keshbekini moliyalashtirish uchun 820 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkich 1,8 trln so‘mgacha yetishi prognoz qilinmoqda.

 

Shuningdek, 2026-yil may oyida to‘langan barcha keshbeklarning 13 foizi atigi 10 ta yirik savdo tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelgani keltirilgan.

 

Institut ekspertlari bugungi kunda sun’iy intellekt, Big Data, onlayn nazorat-kassa mashinalari va elektron hisobvaraq-fakturalar keng joriy etilayotgan sharoitda soliq nazoratini boshqa mexanizmlar orqali kuchaytirish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidlamoqda.

 

Shu sababli fiskal cheklarni olishni ommaviy rag‘batlantirish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda manzilli rag‘batlantirish choralariga o‘tish taklif etilmoqda.

 

Endi umumiy ovqatlanish, kichik chakana savdo va boshqa yuqori xavfli yo‘nalishlarda cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil qilish taklif qilinmoqda. Sovrin sifatida avtomobil, sayohat yo‘llanmalari va boshqa yirik mukofotlar berilishi mumkin.

 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday tizim uchun yiliga 100 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratish yetarli bo‘ladi. Bu esa amaldagi mexanizm bilan solishtirganda byudjet xarajatlarini qariyb 20 baravarga kamaytirishi mumkin.

 

Tahlilda soliq keshbekini bekor qilish emas, balki uni zamonaviy raqamli soliq ma’murchiligi talablariga mos ravishda takomillashtirish taklif etilayotgani keltirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//