Vashingtonda “Oʻzbek mahallasi” jamoat birlashmasi tashkil etildi

Saqlash
12:55 / 08.07.2026 161 0

AQShning Vashington shtati Sietl shahrida “Oʻzbek mahallasi” jamoat birlashmasi tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

 

Birlashmaga Vashington shtatida istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklar va kelib chiqishi Oʻzbekiston bilan bogʻliq yurtdoshlar tashabbusi bilan asos solindi.

 

 

Mazkur tashkilot Vashington shtati hukumati tomonidan rasman roʻyxatdan oʻtkazilib, shtat davlat kotibi Stiv Xobbs tomonidan ushbu tashabbusning huquqiy eʼtirof etilishi Sietldagi oʻzbek jamoasi hayotida tarixiy voqea sifatida qayd etildi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Vashington shtatida 3 mingdan ziyod oʻzbekistonlik istiqomat qiladi. Ularning aksariyati Sietl va uning atrofidagi “Microsoft”, “Amazon”, “Google”, “Boeing”, “Oracle”, “NVIDIA” kabi jahonning yirik texnologik va transmilliy kompaniyalarida dasturiy taʼminot, sunʼiy intellekt, muhandislik, aviatsiya, tibbiyot va tadbirkorlik sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.

 

“Oʻzbek mahallasi” jamoat birlashmasi raisi etib AQSh davlat boshqaruvi tizimida 15 yillik tajribaga ega, Vashington shtati Tuzatish ishlari departamentida boshqaruvchi lavozimida ishlayotgan oʻzbekistonlik Muso Xolmurodov tayinlandi.

 

Ushbu jamoat birlashmasi vatandoshlarni birlashtirish, milliy bayramlar va madaniy tadbirlarni tashkil etish, AQShga yangi kelgan yurtimiz fuqarolarining ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish, yosh avlod qalbida ona tili va milliy qadriyatlarga mehr uygʻotish kabi muhim vazifalarni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//