“Islom sivilizatsiyasi markazi Sharq bilan G‘arbni bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
11:09 / 07.07.2026 302 0

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi Xalqaro forumining ochilishi munosabati bilan forum ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.

 

“Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi”dedi Prezident.

 

Davlat rahbari butun insoniyatning umumiy boyligi bo‘lgan bu noyob merosda mintaqaning ham munosib hissasi borligini, mamlakat jahon ilm-fani, ma’rifat va ma’naviyatining e’tirof etilgan yirik markazlaridan hisoblanishini ta’kidladi. Shuningdek, “Ulug‘ vatandoshlarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy singari mumtoz allomalarning bebaho merosi jahon tafakkur xazinasidan munosib o‘rin egallaydi”, deya aytib o‘tdi.

 

“Yurtimiz tarixida amalga oshirilgan, Birinchi va Ikkinchi Renessans deb nom olgan buyuk yuksalish davrlarida erishilgan noyob ilmiy-madaniy yutuqlar hozirgi kunda ham insoniyatni yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidan qat’iyat bilan bormoqda”, dedi Prezident.

 

Shavkat Mirziyoyev mamlakatda islom sivilizatsiyasining boy va betakror merosini qayta tiklash, asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ham ta'kidladi.

 

“Markaz qisqa vaqt ichida o‘tmish bilan kelajakni, Sharq bilan G‘arbni, qadim an’analar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni o‘zaro bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi. Shu bois, biz Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumini turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar va muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot institutlarining intellektual salohiyatini birlashtiruvchi global hamkorlikning yangi bosqichi deb baholaymiz va bu borada qo‘shma harakatlar dasturi qabul qilinishiga umid bildiramiz”, dedi davlat rahbari.

 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev nutq so‘ngida Islom sivilizatsiyasi markazida fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma nashrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini amalga oshirishda barcha ishtirokchilarni hamkorlikka chaqirdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//