Samarqand Markaziy Osiyoda ekologik barqaror va zamonaviy “yashil shahar” namunasiga aylantiriladi

Saqlash
10:42 / 07.07.2026 138 0

Samarqand shahrida jamoat transporti va taksi xizmatini 2030-yilgacha to‘liq elektr transportiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezidentga Samarqand shahrida Green Samarkand modelini joriy etish bo‘yicha taqdimotda xabar qilindi.

 

Loyihaga ko‘ra, Samarqand Markaziy Osiyoda ekologik barqaror, iqlimga moslashgan va zamonaviy “yashil shahar” namunasiga aylantiriladi.

 

2030-yilgacha shaharda zararli tashlamalar hajmini kamaytirish, PM2.5 va PM10 zarrachalarini 50 foizga qisqartirish, qurilish obyektlaridan chiqadigan changni 80 foizga kamaytirish hamda yashil hududlar ulushini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, “Yashil Samarqand” loyiha ofisi tashkil etiladi. Shaharda yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obyektlar uchun “yashil qurilish” talablari majburiy bo‘ladi.

Transport sohasida 50 ta elektrobus xarid qilinadi, 150 ta yangi svetofor o‘rnatiladi. 2030-yilgacha jamoat transporti va taksi xizmatini to‘liq elektr transportiga o‘tkazish choralari ko‘riladi.

 

Shu bilan birga, Park & Ride tizimi joriy etilib, piyodalar harakati ustuvor bo‘lgan yashil turistik hududlar tashkil qilinadi, shahar markaziga shaxsiy avtotransport kirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi.

 

Bundan tashqari, Samarqandda kamida 4 ta sun’iy ko‘l, 10 ta yangi favvora quriladi, 319 kilometr ariqlar tizimi tiklanadi. Shahar atrofida 102,7 kilometrlik “yashil belbog‘” tashkil etiladi. 300 gektar maydonda Green City Samarkand hududini yaratish, Zero Waste Samarkand tizimini joriy qilish va Carbon Neutral Samarkand yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//