“Surxon” davlat qo‘riqxonasida tarixda ilk bor jayronlar paydo bo‘ldi

Saqlash
09:43 / 07.07.2026 206 0

“Surxon” davlat qo‘riqxonasi hududida tarixda ilk bor jayronlar tasvirga olindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, 1986-yilda qo‘riqxona tashkil etilganidan buyon hududda birinchi marta ushbu hayvon turi kuzatilmoqda. Qo‘riqxonada yaratilgan qulay tabiiy sharoit sababli Turkmaniston hududidan 10 bosh jayron ko‘chib o‘tgan.

 

Jayron soni kamayib borayotgan va muhofazaga muhtoj hayvonlar qatoriga kiradi. U O‘zbekiston Qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, XX asrning birinchi yarmigacha jayronlar O‘zbekistonning qumli sahrolari va tog‘oldi hududlarida keng tarqalgan. Hozir esa ular asosan mamlakatning inson faoliyati kam ta’sir qilgan ayrim hududlaridagina saqlanib qolgan.

 

Ushbu hayvonning tana uzunligi 110–115 santimetr, vazni esa 25–30 kilogrammni tashkil qiladi. Erkak jayronlar lirasimon qoramtir shoxlarga ega, urg‘ochilarida esa shox bo‘lmaydi. Dumi qoramtir yoki qora rangda bo‘lgani sababli xalq orasida “qoraquyruq” nomi bilan ham ataladi.

 

Hozirda jayronlar O‘zbekistonning Ustyurt yassi tekisligi, Qizilqum va unga tutash hududlar, Qarshi cho‘li hamda Surxondaryo viloyatining ayrim joylarida uchraydi. Ko‘hitang tizmasining janubiy qismi va Bobotog‘ tog‘oldi hududlarida ham kichik guruhlari borligi aniqlangan.

 

Ma’lumot uchun, “Surxon” davlat qo‘riqxonasi 1986-yil 8-sentyabrda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tashkil etilgan. Qo‘riqxona hududida 200 ga yaqin hayvon turi uchraydi, ulardan qariyb 30 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//