O‘zbekiston I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumiga mezbonlik qiladi

Saqlash
17:42 / 06.07.2026 373 0

Joriy yilning 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etiladigan forumda 50 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Xalqaro forumning asosiy tadbirlari 7-8-iyul kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

 

Anjumanlar doirasida jahonning turli mintaqalaridan tashrif buyuradigan taniqli olimlar, sharqshunos va islomshunos tadqiqotchilar, ko‘zga ko‘ringan davlat va jamoat arboblari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlarining ma’ruzalari tinglanadi. Muhokamalar markazida ulug‘ allomalarimizning dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini bugungi zamon kontekstida qayta kashf etish masalalari turadi.

 

9-10-iyul kunlari anjuman o‘z ishini Samarqand va Termiz shaharlarida davom ettiradi. Bu yerda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziylarning ilmiy merosiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiyalar bo‘lib o‘tadi.

 

Termiz shahrida forum doirasida o‘tkaziladigan “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatgan termizlik buyuk allomalarning ilmiy va ma’naviy jasorati xalqaro miqyosda tahlil qilinadi.

 

Forumning asosiy voqeasi sifatida tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirilishi kutilmoqda.

 

Shuningdek, tadbirda AYSESKO Bosh direktori Salim al-Malik, IRSIKA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy akademiya Prezidenti Shahin Mustafoyev singari yirik xalqaro tashkilotlar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijning nufuzli davlat va jamoat arboblari, olimlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtiroki rejalashtirilgan.

 

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Forum doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda 6 ta sohaviy sho‘ba tashkil etiladi.

 

Forumda kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Al-Jomi’ as-Sahih” — “Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda tezislar to‘plami, IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan “Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan hamkorlikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar forumning eng muhim qismlaridan biri bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//