“Ortiqcha xavotirga hech qanday asos yo‘q” – O‘zR FA

Saqlash
12:26 / 06.07.2026 577 1

Xabaringiz bor, bugun ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yopilayotgani haqida xabar tarqaldi.

 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi holat yuzasidan bildirgan rasmiy munosabatga ko‘ra, ayrim ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan talqinlarda yoritilayotgani jamoatchilik orasida turlicha munosabat va asossiz xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, muzeyda amalga oshirilayotgan ishlar uning faoliyatini to‘xtatish yoki madaniy merosga zarar yetkazishga emas, aksincha, noyob qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa muzey boyliklarini yanada ishonchli sharoitda saqlash, ularni raqamlashtirish hamda kelajak avlodlarga beziyon yetkazishga qaratilgan. Amalga oshirilayotgan jarayonlar belgilangan tartib va me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etilmoqda hamda ortiqcha xavotirga hech qanday asos yo‘q.

 

Ta’kidlanishicha, muzey uchun Yangi Toshkent shahrida yangi bino ajratilgan bo‘lib, u ishga tushgunga qadar: muzey fondidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga, muzeyning boshqa eksponatlari esa O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtinchalik saqlash uchun ko‘chirib o‘tkazilmoqda.

 

“Bu ishlarning asosiy maqsadi — yangi muzey binosi foydalanishga topshirilgunga qadar bebaho madaniy merosimizni zamonaviy va munosib sharoitlarda saqlash, uning butligi va xavfsizligini ta’minlash hamda keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyining yangi binosiga to‘liq ko‘chirishdan iborat”, deyiladi munosabatda.

 

FA jamoatchilikka asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi yuksak e’tibori va xayrixohligi uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.

 

Ma’lumot o‘rnida keltirilishicha, 2026-yilning 9-iyun kuni belgilangan me’yoriy talablar asosida muzeyning mas’ul xodimlari tomonidan muzeyda saqlanayotgan 847 dona nodir qo‘lyozma manbalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga ko‘chirilib joylashtirilgan. Ayni paytda qo‘lyozmalarni muhofaza qilish va vaqtincha saqlash tartibiga oid zarur hujjatlar rasmiylashtirish bosqichida turibdi.

 

Hozirgi vaqtda muzey tomoshabinlar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilgan bo‘lsa-da, muassasa xodimlari o‘z xizmat vazifalarini to‘liq bajarmoqda. Ayni paytga qadar 1 491 dona toshbosma manba, 439 ta papkadagi foto-nusxalar, 145 ta papkadagi plyonka va negativlar, shu bilan birga, 1 416 512 ta hujjatni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi birlamchi xatlovdan o‘tkazilgan. Hozirda muzey eksponatlarini birlamchi xatlovdan o‘tkazish ishlari izchil davom etmoqda.

 

“Mazkur ishlar muzey faoliyatini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va madaniy meros obyektlarini yanada ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan. Barcha jarayonlar qonunchilik talablari asosida, mas’ul mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda.

 

Shu sababli jamoatchilikdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz xabarlarga emas, rasmiy ma’lumotlarga tayanishlarini so‘raymiz”, deyiladi FA rasmiy munosabatida.

1 Izoh

Ayub

12:07 / 13.07.2026

Ho‘p, shunday ekan. Nima keragi bor edi eski muzeyni yopib? Yangisi ochilgach to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirsa nima bo‘larkan?

Izoh qoldirish

//